Jannat qushlari qayerda yashaydi?

Ko’pchiligingiz, albatta, jannatda, deb noto’g’ri javob berasizlar. Bu qushlarni birinchi bor ko’rgan odamlar ularni jannat qushlari deb atashgan va shunday o’ylashgan. Bu qadar chiroyli qushlar yana qayerda yashashi mumkin? Bu qushlar haqiqatan ham ertaklardagidek go’zal: turli boy, yorqin patlarida har turli zangori, och pushti, sariq, oq, qo’ng’ir… xullas, zarhalidan tortib qora ranglargacha ko’rishingiz mumkin. Ustiga ustak bu qushlarning patlari ham turli va juda g’ayritabiiy shaklga ega. Patlari keng, doirali, boshqalariniki ingichka va uchi popukli, uchinchi xillarida patlari silliq, mayin, yana birlarida jingalak bo’lgan qushlar bor. Bunday qushlarni ko’rgan odamlar ular haqida juda ko’p g’alati hikoyalarni aytib berishadi. Masalan, jannat qushlarining oyog’i yo’q va ular butun umrini havoda o’tkazadi. Bu hikoyalarning nimasi haqiqat-u, nimasi afsona? Aslida jannat qushlarining 40 ga yaqin turi jannatda emas, Avstraliya atrofida joylashgan orollarda yashaydi. Ular oddiy jonivorlar, ammo g’ayritabiiy go’zallikka ega. Ularning oyog’i bor, ustiga ustak juda mahkam ushlaydi va kuchli, chunki jannat qushlari daraxtlar ustida umrguzaronlik qiladi, ovqat — hasharot va mevalar qidirib, shoxdan shoxga uchib qo’nadi, ammo quyuq barglar orasida ucholmaydi. Buning ustiga daraxtlar ular uchun panoh vazifasini ham o’taydi, jinday xavf tug’ilsa, shox-butoqlar orasiga bekinib oladi. Baribiram ham odamlar burun zamonlarda jannat qushlarining oyog’i yo’q, deb hisoblaganlar. Buning javobi oddiy. Jannat qushlari chiroyli bo’lganidan ko’p azob tortadi. Modaparastlar ularning parlari bilan o’z soyabonlariga zeb beradilar, uylarini bezaydilar, tulumlar yasaydilar va boshqa narsalar qiladilar. Masalan, yerli aholi qushlarni o’ldirib, oyoqlarini kesib tashlab, patli terisini sayyohlarga pullashgan, sayyohlar esa ularni o’z mamlakatlariga olib borishgan. Butun dunyoga tarqalgan mana shunday terilar tufayli oyoqsiz qushlar afsonasi tug’ilgan. Jannat qushlarini hozir faqat hayvonot bog’larida ko’rish mumkin. Ularni tinglagandan ko’ra, ko’rgan afzal, ular sayrog’ini boshlaganda butun chiroyidan asar qolmaydi. Ularning ovozi yoqimsiz bo’lib, qarg’aning qag’illashini eslatadi. Bunga hayron bo’lmang: axir jannat qushi oddiy qarg’alar avlodidandir.