История города Джизака

Mualliflar: Hayitboy Haydarov, Qamariddin Usmonov

So’z boshi

Vatanni onaga qiyoslaydilar. Zero bu bejiz emas. Ona siynasida bolaga oq sut bersa, ona-Vatan xalqini, elini e’zozlaydi, tarbiyalaydi, kamolga yetkazadi. Inson uchun ona-Vatandan boshqa aziz va mo’tabar, muqaddas narsa yo’q va bo’lmaydi ham.

Xalqimiz Vatan ostonadan, inson tug’ilib, ko’z ochgan go’shadan, kindik qoni tomgan xonadongan, tuproqdan boshlanadi deyishadi. Bu haq gap. Insonning qalbi, orzu-umidlari, quvonchlari kelajagi ona-Vatani bilan bog’liq kichadi. Shu boisdan ona-Vatanga mehr-muhabbat va sadoqatdan bo’lish, uning har hovuch muqaddas tuprog’ini to’tiyodek ko’zga surtish, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashash, uni e’zozlash har bir kishi uchun ham farz, ham qarzdir.

Bizning borligimiz, tilimiz va tafakkurimiz, madaniy-etnik qiyofamiz, udum va an’analarimiz, milliy tuyg’ularimiz – bularning barchasi Turon, Turkiston, O’zbekiston deya atalmish muqaddas Vatanimiz, uning qadimiy shahri Jizzax nomi bilan mushtarak. Chunki qadimi Jizzax vohasi ham O’zbekistonning ota-bobolarimiz yashagan, kindiq qoni to’kilgan, kelajak avlodlariga boshpana, baxt va saoda bera olgan muqaddas zamini hisoblanadi. Jizzax diniy va dunyoviy nuqtai nazardan haqiqiy ma’noda Alloh nazari tushgan, nafaqat islom ta’limoti, balki kalom falsafasi, sharia ustunlari yetishib chiqqan qadimiy tarixga ega bo’lgan yurt hisoblanadi.

Jizzax qal’a shahri Nurota va Turkiston tizma tog’larini ajratib turuvchi, kengligi 120-130 metrga to’g’ri keluvchi Ilono’tti (Temur darvozasi) darasining shimoliy qismida Sangzor vodiysida shakllangan qadimiy shahardir.

Sharqni G’arb bilan bog’lovchi qadimiy Buyuk Ipak karvon yo’lining aynan Ilono’tti darasidan o’tishi shahar mavqeining o’sishi va savdo markaziga aylanishiga sabab bo’lgan. XIX-XX asrlarda barpo etilgan Krasnovodsk – Toshkent temir yo’li va Katta O’zbekiston traktining Jizzax orqali o’tishi shahar rivojida, uning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o’ynadi.

Zero, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov: “Tarixga murojaat qilar ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo’lmaganidek, o’z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi”, deb ta’kidlagani bejiz emas. 1996 yil 26 oktabr kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining sessiyasida so’zlagan nutqida: “Jizzax ikki ming yildan ko’proq tarixga va go’zal tabiatga ega bo’lgan qadimiy maskan… O’zbek xalqining ko’p-ko’p asl farzandlari mana shu zaminda tarbiya topgan, o’z fidoyiligi bilan el-yurtmizning obro’siga obro’, salohiyatiga salohiyat qo’shgan, tarixda o’zlarining pok nomlarini qoldirgan” deb ta’kidlab mutaxassislarni kelgusida ushbu qadimiy shahar tarixini mukammal o’rganishga da’vat qilgan edi.

O’tmishda kichik qal’a-shaharcha bo’lgan, mustaqilligimizni qo’lga kiritganligimiz tufayli ijtimoiy-iqtisodiy sohalari, sanoati taraqqiy qilgan, xalq ta’limi va madaniyati rivojlanayotgan Jizzax shahri tarixini bugungi kunda istiqlol sharofati ila chuqurroq o’rganish imkoniyati yuzaga keldi.

Jizzax – O’zbekistoning eng qadimiy shaharlaridan bo’lib, miloddan avvalgi bir minginchi yillarda yuzaga kelgani ko’plab tarixiy manbalarda tilga olinadi. Boy tarixga ega bo’lgan shahar urbanistik jarayoniniing yuzaga kelishi bronza davriga borib taqaladi. Tarixchi-arxeolog olimlar tomonidan shaharning yoshini aniqlash, uning tarixiy obidalari qoldiqlarini o’rganish borasidagi tadqiqot ishlari davom etmoqda.

Mavjud tarixiy manbalar Sharqni G’arb bilan bog’lagan Buyuk Ipak yo’li ustidagi chorrahada, qulay geografik hududda joylashgan Jizzax shahrining yoshi ming-ming yillar bilan o’lchanishidan dalolat bermoqda. Jizzax asrlar davomida turli mamlakatlar, hukmdorlar, bek-amaldorlar, olimu shoirlar, din rahnamolari, oddiy kishilar, xullas, barcha-barchaning diqqat-e’tiborini o’ziga tortgan. Tarix guvohlik beradiki, qadimgi fors podshohlari ahomoniylarr, yunon-makedonlar, arablar, mo’g’ullar va nihoya Rossiya imperiyasi hukmdorlari bilan ota-bobolarimiz o’rtasida Jizzax shahri uchun bir necha bor qirg’in-barot janglar bo’lib o’tgan va shahar batamom yakson qilib tashlangan. Shaharning bunday janglarda bir necha marta vayron qilinganligini aytish va uning adog’iga yetish qiyin. Ammo tarixda Dizak, Gazo, Tayzaq, Tuzihaq, Faknon va boshqa nomlar bilan shuhrat qozongan bu shahar har gal yonib vayron bo’lsa-da, o’z o’rnida yangidan tiklanavergan, gullab-yashnayvergan. Bugungi kunda shaharning ko’hna tarixidan borilgan arxeologik qazilmalar natijasida hozirgi kungacha topilgan va topilayotgan toshdan, temirdan yasalgan mehnat qurollari, kulolchilik, zargarlik, temirchilik buyumlari, qadimgi qurol-yarog’lar, tangalar va boshqa ashyoviy dalillar, kiyim-kechak qoldiqlari ana shundan dalolat bermoqda.

Arxeologik topilmalar shaharda turli dinlar ham hukm surganini ko’rsatmoqda. Jizzaxning qadim aholisi dastlab zardushtiylik-otashparastlik, keyinroq islom diniga e’tiqod qilgani tarixdan bizga ma’lum. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda din erkinligi, eng avvalo, islom dinining ham milliy, ham umuminsoniy qadriyat sifatida mavqei tiklanib, diniy ulamolarning qadr-qimmati o’z joyiga qo’yildi.

Jizzax shahri ko’plab tarixiy manbalarda tilga olingan. Yunon-Rim tarixchilari Gerodot, Strabon, Ktetsiya, Ksenafont, Arrian, arab muarrixlari: Hofiz-Tarobiy, ibn Havqal, ibn Hurdodbek, Istahriy, ibn Batuta, Yoqu Hamaviy, Ibn Arabshoh, Muhammad Solih, Hofiz Tanish, Hamidulla Kazviniy, Ali Yazdiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalar o’z asarlarida shahar tarixi, aholisining urf-odatlari, dini, madaniyati haqida bitiklar yozib qoldirishgan. O’zbek sharqshunoslari, akademiklar Ya.G’ulomov, A.Muhammadjonov asarlarida, shuningdek, zamondosh olimlardan H.Ziyoyev, N.Ne’matov, S.Anorboyev, M.Pardayev, H.Muhammedov, A.Bedimurodov, M.Isoqov, N.Nemtseva, S.Nishonov, O’.Nosirov, H.Haydarov, M.Pardayev va boshqalarning monografiya, risola va ilmiy maqolalarida shahar tarixi, madaniyati, xalqining turmush tarzi haqida muhim ma’lumotlar berilgan.

Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati va uning zulmidan sabr kosasi to’lgan Jizzax shahri aholisining 1916 yilda front orqasidagi mudofaa inshootlari va harbiy yo’llar qurish ishlariga safarbar etilishiga qarshi ko’tarilgan milliy-ozodlik qo’zg’oloni tarixida o’chmas iz qoldirgan. Bu qo’zg’olonga boshchilik qilgan Nazirxo’ja Abdusalomov, Ziyo Qori Abdullayev, Muhammadrahim Abdurahimov, Komil Qori Bobojonov, Abdurahmon jevachi Abdujabborov, Ismoil bobo Ro’zimuhammedov, Nuriddin hoji Ma’rufxo’jayev, Muhammadxo’ja Hamroyev singari yurtparvar insonlar Rossiya imperiyasi hukumati harbiy dala sudining hukmi bilan qatl etiladilar. Bugungi kunda shaharda Jizzax qo’zg’oloniga bag’ishlangan ko’chma ko’rgazma va O’rda tarixi muzeyi tashkil qilingan, qo’zg’olonchilar nomi abadiylashtirilmoqda.

Shaharda o’tgan yillar mobaynida juda ko’plab taniqli kishilar – O’zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon, davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov, O’zbekiston xalq yozuvchisi Nazir Safarov, yozuvchi, dramaturg va olim Safar Azimov, mashhur jarroh, akademik O’ktam Oripov kabi xorijiy mamlakatlarda ham e’tirof etilgan tibbiyot xodimlari, ko’plab taniqli kishilar yetishib chiqqan.

Ikkinchi jahon urushi yillari davridagi shahar tarixi mamlakatimiz tarixining uzviy bir qismi bo’lib, bu davrni xalqimiz hech qachon unutmaydi. Shaharda urush faxriylariga, ularning oila a’zolariga moddiy-ma’naviy yordam ko’rsatilmoqda. Fashizm ustidan qozonilgan buyuk g’alaba – 9 may kuni shaharda har yili “Xotira va qadrlash kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Urush qurbonlarini xotirlash uchun “Xotira” majmuasi tashkil qilingan bo’lib, “Mangu olov” monumenti atrofi anvoyi gullardan iborat gulzorlar, ko’m-ko’k daraxtlar bilan o’rab olingan.
Jizzax viloyati 1973 yil 29 dekabrda tashkil topgan.

Jizzax shahrining tashkil topishi

Jizzax Eron ahamoniylari va Iskandar Zulqarnayn bosqini davrida

Jizzax Arab xalifaligi davrida

Jizzax mo’g’ullar istilosi davrida

Jizzax Amir Temur va temuriylar davrida

Xonliklar davrida Jizzax

Jizzaxning bosib olinishi va mustamlakachilik boshqaruv usuli

Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot

1916 yilgi Jizzax qo’zg’oloni

Jizzaxda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi

Sovet tuzumiga qarshi qurolli harakat

“Hujum” harakati, uning oqibatlari

Madaniy va ma’rifiy jarayonlar

Istiqlol yo’lida shahid ketganlar

Shahar ikkinchi jahon urushi yillarida

Shahar sanoat korxonalari

Jizzax – mashhur kishilar maskani

Xalq ta’limi

Aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish

Jizzaxlik shifokor olimlar

Jizzaxning adabiy muhiti

Ma’muriy-siyosiy islohotlar

Jizzax mahallalari

Iqtisodiy islohotlar va erishilgan yutuqlar

Shahar jamoli chiroy ochmoqda

Urush va mehnat faxriylariga g’amxo’rlik

Ta’lim ravnaqi

Jizzax davlat Pedagogika instituti

Ommaviy axborot vositalari ravnaqi

Sog’liqni saqlash sohasida erishilgan yutuqlar