Kartoshka Rossiyada qanday paydo bo’lgan?

Kartoshka Rossiyaga XVIII asrning boshlarida olib kelingan. Petr I Gollandiyadalik vaqtida kartoshkadan tayyorlangan taomni yeb ko’radi va yoqib qolgach, Rossiyaga o’stirish uchun bir qop tuganak yuboradi. Kartoshka yangi joyga tezda moslashib ketadi, ammo uning ko’payishiga rus dehqonlarining bu ajnabiy ekindan qo’rqishi xalaqit berdi. Aytishlaricha, bundan xabar topgan Petr I uni ommalashtirishda bir ayyorlik qilishga qaror qiladi. U dalalarga kartoshka ektirib, ularning tevaragiga qurollangan qo’riqchilarni tayinlaydi… Askarlar dalani kun bo’yi qo’riqlab, kechalari uxlagani ketishar edi. Yaqin atrofda yashovchi dehqonlar shaytonga hay bera olmay, kartoshkani o’g’irlab, o’z polizlarida o’stira boshlaydi. Shuni ham qayd etish kerakki, dastlab kartoshkadan zaharlanganlar ham bo’lgan, chunki uning xususiyatlarini bilmagan kishilar xomlay yeb ko’rishgan. Xom kartoshkani yeyish mumkin emas, boz ustiga zaharli hamdir. Kartoshka ham butalari gullagandan so’ng pishadigan kichkina pomidorga o’xshash mevalar tugadi. Fransiyada (hali kartoshkaning barcha foydali xossalari odamlarga ma’lum bo’lmagan kezlar) zodagonlar o’rtasida kostyumlarning yoqa belgilariga kartoshka gulini bezak sifatida taqib yurish rasm bo’lgan. Kartoshka Rossiyada juda tez sur’atlar bilan tarqalib ketdi, boshoqli ekinlar kam hosil bo’lgan yillar odamlarni muqarrar ochlikdan saqlab qoldi. Shuning uchun ham u Rusiyada ikkinchi non deya nom olgan. Kartofelning to’yimlilik xossasi nemis tilidagi «Kraft Toyfel» («dev kuchi») so’z birikmasida o’zining aniq ifodasini topgan.