Nega biz mashinada ketayotganimizda oy orqamizdan ergashadi?

Oy bizdan unchalik uzoq emasday ko’ringani bilan yerdan ungacha bo’lgan masofa 384 400 km.dir. Uning diametri 3 476 km, boshqacha aytganda, Amerika Qo’shma Shtatlarining u sohilidan bu sohiligacha bo’lgan masofadan kichikdir. Agar eng kuchli teleskop bilan oyga qaralsa, ungacha bo’lgan masofa 100 km.dan oshmaydiganday ko’rinadi.

U bizga shunday yaqin va katta ko’ringani uchun ba’zan 384 400 km juda olis yo’l ekanini ham unutib qo’yamiz. Mashinada ketayotganimizda oy ortimizdan eragashayotganga o’xshab ko’rinishi sababi ham uning yerdan nihoyatda olisda ekani bilan bog’liq.

Avvalo, shuni aytish kerakki, u bizga shunday tuyuladi, bu sezgi ruhiyatimizga o’rnashib qolgan. Yo’ldan katta tezlik bilan ketayotganimizda, yo’l chekkasidagi daraxtlar, uylar, hovlilarning devorlari, qolaversa, yo’l orqaga qarab chopayotganga o’xshaydi.

Biz oy ham yonimizdan o’tib ketishini, hechqursa, yo’ldan ilgarilaganimiz sari u ham daraxtlar singari ortimizda qolib ketishini kutamiz. Bunday bo’lmagach, u bizni «ta’qib» etib yurganga o’xshab tuyuladi. Nega bunday bo’ladi? Buning sababi shuki, yerdan oygacha bo’lgan masofa nihoyatda olis. Bizning avtomobilimiz bir necha daqiqada bosib o’tadigan yo’l bilan taqhoslaganda, bu juda olis masofa. Shuning uchun ham mashinada ketayotganimizda, bizning oyni ko’rish burchagimiz mutlaqo o’zgarmaydi.