Nega bugungi kunda ham muzliklar bor?

Shimoliy Amerikada muz davrini boshlab bergan ulkan muz massasi «kontinental muzlik» deb ataladi. Uning markazidagi qalinlik 4,5 km. ga yetgan. U butun muz davri davomida to’rt marta paydo bo’lib, shuncha marta erigan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas..

Dunyoning boshqa joylarini qoplagan muzlikning ayrim joylari, umuman, erimagan. Masalan, ulkan Grenlandiya oroli, ochiq tor sohil bo’ylarini hisobga olmaganda, hanuz kontinental muzlik bilan qoplanib yotibdi. Muzlikning o’rta qismidagi qalinlik uch kilometrdan oshadi. Antraktida ham kontinental muzlik bilan qoplangan. Muzning qalinligi ayrim joylarda 4 km.gacha yetadi.

Yer sharining ayrim mintaqalarida muzlik turib qolganiga sabab, uning muzlik davridan to shu kunga qadar erimaganidir. Ammo hozirgi muzliklarning asosiy qismi yaqinda tashkil bo’lgan. Ular, asosan, tog’ vodiylarida joylashgan. Ular amfiteatrlarni eslatuvchi keng, Nishab vodiylardan boshlanadi. Qor bu yerlarga tog’ yonbag’irlaridan ko’chki va o’pirilish natijasida tushadi. Bu qor yozda ham erimaydi, shu tariqa yillar bo’yi qalinlashib boraveradi. Asta-sekin og’irlik kuchi ta’sirida, qorning erib, qayta muzlashi natijasida qor massasi ostidagi havo siqib chiqariladi va u qattiq muzga aylanadi. Qor va muzning og’irligi butun massani siqib chiqara boshlaydi va uni vodiy bo’ylab pastga siljishga majbur etadi. Muzning bunday harakatlanayotgan qismi tog’ muzligi deb ataladi. Yevropadagi Alp tog’larida 1200 dan oshiq shunday muzlik bor. Ularni Pireney, Karpat, Kavkaz, shuningdek, Osiyoning Janubiy qismidagi tog’larda ham ko’rish mumkin. Alyaskaning janubidagi baland tog’larda o’n minglab muzliklar bor. Ularning ayrimlari uzunligi 50— 100 km.ni tashkil etadi.