Nima sababdan quyosh tutiladi?

Quyoshning tutilishida uch samoviy jism: Oy, Yer va Quyosh ishtirok etadi. Ma’lumki, Oy Yer atrofida aylanadi. Yer esa o’z navbatida to’xtovsiz Quyosh atrofidagi orbita bo’ylab harakat qiladi. Shunday qilib, vaqti-vaqti bilan Oy Yer va uni yoritadigan Quyosh o’rtasiga tushib qoladi. Shu holatda Quyosh tutilishi degan hodisa ro’y beradi.

Quyosh faqat yangi oy chiqqan kezlar tutiladi, chunki ayni shu vaqtda Oy Yerning Quyoshga qaragan tomonida joylashgan bo’ladi. Agar Oyning orbitasi ham Yerning orbitasi joylashgan tekislikda bo’lganida edi, Quyosh har yangi oy chiqqan kez tutilar edi. Biroq Oy Yer atrofida 29,5 kunlik harakati vaqtida, odatda, Yer bilan Quyosh o’rtasidagi to’g’ri chiziqni chetlab o’tadi.

Munajjimlar Quyosh tutilishini boshlanishini va u qancha davom etishini oldindan sekund-sekundigacha aniq aytib bera oladilar. Shuningdek, ular oldindan bu tutilish to’la, qisman yoki halqasimon bo’lishini ham ayta olishadi.

Agar Oy Quyoshni butunlay to’sib qo’ysa, bu to’la tutilish deyiladi. Ammo Yer bilan Oy o’rtasidagi masofa doimo bir xil bo’lmaydi va u ko’pincha juda uzoq bo’ladi. Bu esa Quyosh tutilishiga hamisha ham imkon beravermaydi. Shunda Oyning qora gardishi butun Quyoshni to’sib qo’yadi, biroq uning aylanasi bo’ylab ingichka halqa ko’rinib turadi. Bu Quyoshning halqasimon tutilishini bildiradi. Oyning Quyosh yuzasini qisman to’sib qo’yishi qisman tutilish deyiladi. Quyosh har yili kamida ikki marta tutiladi. Ularning soni beshtagacha ham yetishi mumkin. Yer sharining ma’lum bir qismida Quyoshning to’la tutilishini har 250-300 yilda bir marta kuzatish mumkin. Shuning uchun ham munajjimlar butun Yer yuzi bo’ylab Quyoshning to’la tutilishi ortidan “quvib” yurishadi.