Nima uchun qahvaning ta’mi har xil?

Qahva ming yillardan beri inson suyib iste’mol qiladigan ichimliklar sirasiga kiradi. U ilk marta Arabistondan topilgan va mashhur bo’lgan, ammo Yevropaga XVI asrda kirib kelgan. Qahvaning Yevropada paydo bo’lishi to’polonlarga sabab bo’ldi. Vahti-vaqti bilan u taqiqlanar, ba’zan esa dori sifatida ishlatilar edi. Nihoyat, u ommaviy ichimlikka aylandi. Bir banka qahva sotib olganingizda unda faqat qahva borligini ko’rasiz. Ammo uning har bir navi o’ziga xos ta’mga ega. Buning sababi qahvaning navlari turlichaligi, uni tayyorlash, qovurish va h.k. bilan bog’liq. Turli mamlakatlarda o’sadigan qahvalar nafaqat har xil nav, balki turlarga ham mansubdir. Masalan, qahva (dengiz sathidan) 450 — 1800 metr balandlikda yetishtiriladi. Ammo eng yaxshi qahva 900 — 1800 metr balandlikda o’sadi. Qahva navlari faqatgina shu bilan farqlanmaydi. Biror mamlakatning ma’lum mintaqasida, ammo turli qahvazorlarida o’sadigan qahva ham bir-biridan farq qiladi. Qahva sanoatida qahva ikkita asosiy guruhga bo’linadi. Birinchi guruhga Braziliyada o’stiriladigan qahva kiradi va u «Braziliya qahvasi» deb ataladi. Ikkinchi guruhga esa boshqa mamlakatlarda o’stiriladigan qahvalar kiradi va Maylds deb ataladi. Umuman olganda, Maylds qahvasi Braziliya qahvasiga nisbatan afzalliklarga ega. Ammo Braziliya qahvasining ko’pgina navlari Maylds navlaridan yuqori turadi. Har bir nav turli qahva navlarining aralashmasidir. Qahva ta’mini tatib bilish va aralashtirish uchun ham mahorat talab etiladi. Shuningdek, qahvani qovurish (tobida bo’lishi kerak) va tuyish uchun ham mahorat kerak. Tabiat qahvani yaratadi, inson esa xushta’m qiladi, degan gap bejiz aytilmagan.