Nima uchun zaytun «tinchlik daraxti» deb ataladi?

Zaytun doimiy yashil daraxt (yoki buta) bo’lib, yovvoyi holda o’sadi. U bundan to’rt ming yildan oshiq vaqt muqaddam Suriya va Egey dengizi orollarida madaniylashtirilgan, keyinchalik O’rta yer dengizi atrofiga tarqalgan. Ko’pgina xalqlar ushbu ajoyib mevali va manzarali daraxtni muqaddas deb bilishgan. Unga hurmat bajo keltirilgan, afsona va rivoyatlarda ulug’langan. Shulardan birini e’tiboringizga havola etamiz. Kunlardan bir kun dengiz xudosi Poseydon va donishmandlik ilohasi Afina o’rtasida Attika ustidan kim hukmronlik qilishi to’g’risida munozara tug’iladi. Xudolar mashvarat o’tkazib, ulardan qaysi biri Attika aholisiga ko’proq naf keltirsa, shu g’alaba qozonishi to’g’risida qaror qabul qilinadi. Poseydon uch ayrili nayzasini yerga sanchganida, undan sho’r suv favvorasi otilib chiqadi. Afina ham o’z nayzasini yerga sanchadi. Nayza go’zal va gullayotgan zaytunga aylanadi. Donishmand xudolar Afinani g’olib deb topishadi. Bu afsona odamlarning zaytunga nisbatan hurmati va minnatdorchiligi belgisidir. Shundan beri zaytun xush niyat, tinch mehnat bilan yo’g’rilgan hayot belgisi va tinchlik ramzi hisoblanadi. Qadimgi Olimpiya o’yinlari g’oliblari boshiga zaytun shoxlaridan tayyorlangan chambar kiydirilgan. Olimpiya o’yinlari o’tkazilayotgan payt barcha urushlarni to’xtatishday ajoyib an’ana bo’lgan. Ilk marta buyuk rassom Pablo Pikasso tumshug’ida zaytun shoxini tishlab olgan kabutar suratini chizgan edi. Barcha mamlakatlarning rassomlari hozir ham bu suratni tinchlik ramzi sifatida qayta-qayta chizishadi.