Nimani Hindistonning ramzi hisoblashadi?

Ko’zoynakli shohilon garchi Janubiy Xitoy, Hindixitoy va Filippinda yashasa-da, uni Himolay va Gang kabi Hindistonning ramzi hisoblashadi. Dunyodagi eng katta zaharli ilon (uning bo’yi besh metrgacha yetadi) botqoqzor chakalaklarda, tog’larda, choy va kofe plantatsiyalarida uchraydi. U aqlli va ehtiyotkor bo’lib, faqat qutilish choralari qolmagan payti hujum qiladi. Hindiston hukumati 1972 yili ko’zoynakli shohilonni qirg’indan asrab qolish maqsadida maxsus qaror qabul qildi. Mamlakatning Markaziy va Janubiy qismlarida reptiliyalar uchun maxsus qo’riqxonalar tashkil etilgan. Hindistonda ilonlarga sig’inish rusumi bo’lmaganda, bu tadbirlarning yordam berishi gumon edi. Axir aynan yetti boshli ko’zoynakli shohilon Shesh naga iloha Vishnuni muhofaza qiladi va abadiyatning afsonaviy sut ummoni o’rtasida yo’l ko’rsatadi. Vishnu ibodatxonalarida ko’pincha doira ichida, uning ulkan kiyimlari soyasida turgan ilon tasvirlanadi. Iloha Shivaning uzun sochlarida ham uning magiyaviy kuchi ramzi bo’lgan ilonni ko’rish mumkin. Boshqa ilohalar ilonlarga qo’shilgan aravalarda ketayotgan bo’ladi. Hindlar ta’kidlashicha, ilonlar orasida faqat ko’zoynakli ilon «musaffolik» va «muqaddaslik»ka ega, u muqaddas munojotlar — mantralarni tushunadi, uning ko’magida ilon xulqini boshqarish mumkin. Ular uning «donishmand»ligi va xonadonlarga baxt keltirishiga ishonadilar. Xalq ertaklarida u mahorajlarning yerto’lalari va tashlandiq saroylariga yashiringan boyliklarni qo’riqlab turadilar. Hindlar uning sharafiga maxsus bayram nishonlaydilar. Ayollar ertalabdanoq uylari devori va ostonalariga turli rangdagi ilonlarning rasmini chizishadi. Ibodatxonalarda guruch, kokos va bananlardan nazru niyozlar tayyorlashadi va ular shu yerga olib kelingan tirik ilonlar oldiga qo’yiladi. Ko’zoynakli ilonlar o’rnashadigan chumoli inlari gullar marjoni va xushbo’y pastalar bilan bezatiladi. Morbozlar avvaliga ilonlarni ibodatxona oldidagi sut, asal va boshqa mazali taomlar qo’yilgan maydonga keltirishadi. Rasm-rusumlar tugagach, odamlar ilonlar «shou»sini ko’rish maqsadida shahar maydoniga yo’l oladilar. Erkaklar bir qo’liga ilon dumi va boshqasiga ko’zoynakli ilon boshini ko’taradigan tayoqcha olishadi. Kimning iloni boshini baland ko’tarsa, o’sha odam g’olib sanaladi. Eng «baland» ko’zoynakli ilonga ham mukofot topshiriladi. Bolalar hech bir tahlikasiz katta-katta pitonlarni bo’yinlariga o’rashadi. Ular juda erta ilon ovlashga o’rgatiladi. Bayram payti ilonlarga zarar yetkazilmaydi. Yaqin vaqtlarga qadar chiroqlar ilonlar asabini buzadi, degan fikrda rasmga olishni taqiqlashgan edi. Bayram so’nggida ko’zoynakli shohilon qayerdan tutilgan bo’lsa, o’sha yerga qo’yib yuboriladi.