O’lik dengiz nima?

O’lik dengiz yer yuzidagi o’ziga xos suv havzasiga inson bergan g’alati nomlardan biridir. Bu dengizni ilk marta yunonlar «o’lik», qadimgi Iudeya aholisi esa «sho’r» deb atagan. Arab mualliflari uni «badbo’y dengiz» deb tilga olishgan.

Bu dengizning o’ziga xos jihati nima? Haqiqatda u Iordaniya va Isroil o’rtasida joylashgan katta va sho’r ko’ldir. Dengiz mintaqadagi mavjud chuqurlik yoki yer qobig’i yorig’ida paydo bo’lgan. O’lik dengizning bo’yi 75 km.ga yaqin, eni esa ayrim joylarda 5 km.dan 18 km.gacha yetadi. Qizig’i shundaki, o’lik dengizning yuzasi dunyo okeani sathidan 400 metr pastdir. Uning Janubiy qismi nisbatan sayoz, Shimoliy qismidagi ayrim joylarning chuhqurligi 400 metrgacha yetadi. Boshqa ko’llardan farqli o’laroq, o’lik dengizdan birorta ham daryo oqib chiqmaydi, aksincha, shimol tarafdan Iordan daryosi unga quyiladi. Bundan tashqari tevarak-atrofdagi qirliklardan ham jilg’alar dengizga oqib tushadi. Oshiqcha suv bug’lanib chiqib ketadi. Shuning uchun ham dengiz suvi tarkibida haddan ziyod osh tuzi, karbonat angidridli kaliy (ishhor), xlorid, magniy bromidi va boshqa mineral tuzlar yig’ilib qolgan. O’lik dengiz dunyodagi eng sho’r dengizdir. Uning suvi tarkibidagi tuzlar miqdori okean suvi tarkibidagi tuz miqdoridan 6 marta ko’p. Bu suvning zichligini shu qadar oshirib yuborganki, unda cho’milayotgan odam hech bir zahmatsiz suv yuzasidagi po’kakday suzib yuradi. Dengiz qimmatli moddalar manbai bo’lib xizmat qilishi mumkin. Uning tarkibida 2 000 000 tonnadan oshiq erib ketgan ishqor bor. Undan o’g’it ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.