O’zbek xalqining etnik shakllanishi, ilk o’rta asrlar davlatchiligi

O’zbek xalqining kelib chiqishi – etnogenezi juda kam o’rganilgan, tarix, arxeologiya, etnografiya, antropologiya, tilshunoslik, folklorshunoslik kabi fanlarning ancha jiddiy tadqiqotlarini kutayotgan masalalardan biridir.

1998 yil iyunida Prezident I. Karimov ham tarixchilar va O’R FA ning rahbariyati bilan “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” mavzusidagi uchrashuvida “biz o’zimizni millat deb bilar ekanmiz, o’zbekchiligimiz haqida aniq tushunchaga ega bo’lishimiz kerak”, deyish orqali xalqimiz etnik shakllanishi masalasini chuqur o’rganish zarurligini ko’rsatgandi.

O’zbeklarning tarixiy vatani — ular tarqalgan geografik hududdir. Taxminan hozirgi kunda O’zbekiston va unga qo’shni mamlakatlarda yashayotgan o’zbeklar soni 25 mln. ni tashkil qiladi. Bunga Saudiya Arabistoni, Turkiya, Olmoniya, AQSh va boshqa uzoq xorijdagi bir millionga yaqin muxojir o’zbeklar kirmaydi. Mazkur raqamdan 20 milliongacha o’zbek ona yurt O’zbekistonda, 2 mln. ga yaqin Afg’onistonda (Xuroson o’zbeklari), 1,5 mln. Tojikistonda, 0,6 mln. Qirg’izistonda, 0,5 mln. Qozog’istonda va 0,4 mln. Turkmanistonda istiqomat qiladi.

O’zbeklar tarqalgan bu yerlar ruslar istilosiga qadar o’zbek xonliklari tarkibiga kirgan. O’zbeklar millat bo’lib ana shu yerlarda shakllanganlar. Lekin o’tmishda o’zbeklar yashagan hudud bundan ham keng bo’lgan.

O’zbek xalqining etnik shakllanishi urug’chilik jamoasidan to hozirgi davrda yetuk millat darajasiga ko’tarilgan juda uzoq va murakkab jarayonni o’z boshidan kechirdi. Aslida urug’ bir ota-onadan tarqalgan qon-qarindoshlarning uyushuvi natijasida shakllangan jamoadir. Tirikchilik tashvishi va tashqi dushmanlardan saqlanish zaruriyati kishilarning qon-qarindoshlikka asoslangan birlashuviga olib kelgandi. Urug’chilik jamoasi eng qadimgi odamlar to’dasiga nisbatan mustahkamroq va tashkiliyroq bo’lib, shu yo’l orqali kishilarning teng huquqliligi, asosiy ishlab chiqarish qurollarining umumiy mulkligi, jamoa mehnati va iste’mol qilishning umumiyligi ta’minlangan, nikoh va diniy marosimlar tartibga solinib turilgan, joriy urf-odatlar buzilganda aybdorlar jazolangan. Urug’ jamoasi o’zining eng aqlli va botir jangchilaridan birini shu urug’ning boshlig’i etib tayinlagan.

Bir hududda yashagan bir necha urug’ jamoalari birlashib qabilaga aylangan. Qabilalar yagona qabilaviy tilga (shevaga), kengashga va harbiy boshliqqa ega bo’lgan. Urug’ boshliqlari qabila kengashi tarkibiga kirgan, eng kuchli urug’ boshlig’i esa qabila rahnamosi deb e’lon qilingan.

Qabilalar yuzaga kelish jarayoni kishilarning ovchilik va ko’chmanchi chorvachilik bilan birga dehqonchilik va ibtidoiy temirchilikka o’ta boshlagan, boshqacharoq qilib aytganda aqliy tabaqalanish mulkiy tabaqalanishga o’ta boshlagan davrga to’g’ri keladi.

Elat deyilganda qabilalar ittifoqi kishilarning til, hudud, iqtisodiy va madaniy jihatdan tarixan tarkib topgan birligi tushiniladi. Aksariyat holatlarda qabilalar ittifoqi yaylov va suv uchun tez-tez bo’lib turadigan janglarda o’zini himoya qilishi yoki g’olib chiqish maqsadida barpo etilgan. Elatni xalqning millat bo’lib shakllanishidan oldingi bosqichi deyish mumkin. Kishilarning bir hududda elat bo’lib yashashlari qonqarindoshlik, umumiy manfaatdorlik his-tuyg’ularini kuchaytirgan. Umumiy manfaatdorlik hissi va uni himoya qilish ma’suliyati esa davlatni vujudga keltirgan.

Xalq deyilganda ko’proq el, elat, millat, aholi, olomon, bir guruh kishilar tushiniladi. Xalq so’zi falsafiy nuqtai-nazardan qaralsa, uni tarixning barcha bosqichlarida jamiyat vazifalarini hal etishga qodir, yurt yumushiga yaroqli va qobiliyatli qatlam, ijtimoiy birlik, tarix ijodkori deyish mumkin. Demak, balog’atga yetmaganlar aholi soniga kirsa ham xalq safiga kirishga hali erta.

Millat kishilarning tarixiy tarkib topgan, umumiqtisodiy turmush, til, hudud birligi, madaniyat, ong va ruhiyat uyg’unligi demakdir. Millatni davlatsiz tasavvur etib bo’lmaydi.

Hozirgi o’zbek millati ham urug’chilik va qabilachilik davrlarini, elat, xalq va millat shakllanishi jarayonlarini o’z boshidan kechirgan.

Manbalarda ko’rsatilishicha, milodgacha ikki ming yillikning o’rtalari va oxirlari (bronza asri) o’rta Osiyo, Afg’oniston, Hindiston va Eron hududlari tarixi hind va eron qabilalari yoyilishi bilan bog’liq. Ular hattoki, Volga va Ural daryolari hamda janubiy Sibir oralig’idagi yerlarda ham yashaganlar.

Taniqli arxeolog A. Sagdullayev fikricha, ana shu bronza davridayoq o’rta Osiyoda yuqorida eslatilgan qadimgi janubiy va shimoliy qiyofadagi odamlar vakillarining qo’shilishi jarayoni boshlanadi hamda aynan shu davrda o’lkamizda yashagan qabilalar o’rta Osiyoning qadimgi xalqlariga asos solganlar.

O’lkamizning qadimgi aholisi tosh va bronza asrlari davrida qanday nom bilan atalganliklari bizga noma’lum. Ilk bor o’rta Osiyo aholisi xususidagi ma’lumotlar sharq va antik davr yunon-rim manbalarida tilga olinadi. Yunon tarixchilari aytishicha, Yevroosiyoning katta hududlarida yashovchi qabilalar umumiy “skiflar” nomi bilan atalgan. Tadqiqotchi Pliniy esa o’sha davrda o’rta Osiyoda 20 yaqin turli nomad qabilalar borligi to’g’risida xabar bergan. Yana skiflarning 2 ta yirik qabilasi: saklar va massagetlar xususida ham qayd etiladi.

Yunon olimlaridan Efor (milodgacha 405-330 yillar) quyidagilarni yozgan: “Qo’yboqar saklar skiflar tarkibiga kiruvchi qabilalardir. Ular soddadil ko’chmanchilar toifasidan bo’lib, don yetishtiradigan Osiyoda istiqomat qiladilar. Saklar bir joydan ikkinchi bir joyga aravalarda ko’chib yuradilar va biya suti bilan tirikchilik o’tkazadilar”.

Yunonistonlik Strabon (milodgacha 63-28 yillar) va Pompey Trog (milodgacha 1- milodiy I asr) asarlarida saklar va massagetlarning qaysi xalqqa mansubligi, ular egallagan hududlar to’g’risida qimmatli ma’lumotlar beriladi. Pompey Trog shunday yozadi: “Kaspiy dengizidan boshlab skiflarning katta qismi daylar (Qoraqumda), ulardan Sharqda yashovchi qismi esa massagetlar va saklar deb ataladi. Skiflarni hamma vaqt eng qadimiy xalq deb hisoblab kelganlar. Qadimiylikda ular misrliklardan qolishmaydilar”.

Milodgacha VI-V asrlarda toshga o’yib yozilgan ahmoniylar yozuvlarida saklarning uchta qabilaviy birlashmalari ko’rsatib o’tilgan: “Saka-Tigraxouda” Sug’diyonaning sharqiy-shimolida, Sirdaryoning o’ng tomonida – Toshkent viloyati, Yettisuv va janubiy Qozog’iston yerlarida yashaganlar. Ularni “cho’qqayma qalpoq kiygan saklar” deyishgan: “Saka-Tiay-Taradarayya” Sirdaryo va Orol dengizi atrofida yashab, ularni “daryo narisidagi saklar” deyishganlar; “Saka-xaumavarka” o’rta Osiyoning markaziy va janubiy qismida istiqomat qilishgan.

Bu qabilalarning bir qismi o’troqlik holatiga o’tib, dehqonchilik bilan shug’ullana boshlasa, boshqa katta qismi esa tog’ va tog’oldida istiqomat qilishgan, cho’llarda ko’chib yurishgan. O’troq bo’lib yashagan qabilalar esa ilk temir asridan (milodgacha XII-IX asr) “so’g’dlar”, “baqtriyaliklar”, “farg’onaliklar” va “xorazmliklar” deb atalgan.

Milodgacha IV-III asrlardayoq o’rta Osiyoning shimoliy-sharqida turkiy tilli qabilalar mavjud bo’lib, ularning xorazm, so’g’d, baqtriya kabi yozuvlari o’sha joy aholisi ichida ishlatilgan. Yettisuvdagi saklarning bir qismi ham turkiy tilda so’zlashgan. Tushunarliki, o’rta Osiyoda qadimdan 2 xil: turkiy va sharqiy eroniy tillarda so’zlashuvchi aholi bo’lgan.

Hozirgi o’zbek millatining asosini ana shu ikki tilda so’zlashuvchi urug’lar, qabilalar, elatlar tashkil etgan. o’zbek xalqining etnik shakllanishi uzoq davom etgan tarixiy jarayon bo’lib, uning shakllanishidagi asosiy vosita ishlab chiqarishdagi, iqtisodiyotdagi va madaniy hayotdagi o’zgarishlar bo’lgan.

Antropolog olim T. Xodjayev O’rta Osiyoning turli hududlaridan topilgan 500 dan ortiq antropolgik material asosida hozirgi o’zbek va tojiklarga xos antropologik tip – “Ikki daryo oralig’i irqi” milodgacha birinchi ming yillik oxiri va milodning boshlarida Sirdaryoning o’rta va quyi oqimlarida shakllanib, keyinroq Farg’ona va Xarazm vohalariga, Zarafshon vodiysiga ko’chib o’tganligini isbot qildi. Bu esa fanda yaqingacha keng tarqalgan fikrlar, ya’ni o’zbeklarga xos Markaziy Osiyo “ikki daryo oralig’i irqi” avvalo Volga daryosi bo’ylarida va o’rolda sarmat qabilalari tarkibida shakllanib tarqaldi, degan yoki bu irq Baykal ko’li atrofida va Mo’g’uliston cho’llarida shakllanib tayyor holda mahalliy aholiga o’z irqini tarqatdi, degan fikrlarni inkor qiladi.

T. Xodjayovning bu antropologik tadqiqoti natijalari yozma manbalarda ma’lum bo’lgan sak qabilalarining bir tarmog’i hisoblangan yuechjilarning janubga yurishi – Yunon-Baqtriya podsholigining istilo etilishi va Buyuk Kushon imperiyasining barpo bo’lishi davriga to’g’ri keladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, yuechjilarning janubi-g’arbga yurishi Iskandar vafotidan keyinroq boshlanib, ular Yunon-Baqtriya davlatini inqirozga uchratdi. Ko’chmanchilarning boshqa bir katta qabila ittifoqi O’rta Osiyoning shimoliy qismida yarim o’troq va yarim ko’chmanchi Kang’ davlatini barpo etishda ishtirok etdi (milodgacha III-II asr). Ana shu davrda hozirgi Toshkent viloyati va Janubiy Qozog’istonda “ikki daryo oralig’i tipi” bilan birga “qovunchi madaniyati” yuzaga keldi. Bu madaniyat ijodkorlari qang’arlar bo’lishi kerak. Chunki turkiylarning Movarounnahr va Xorazmning ichki hududlariga kirishi ana shu madaniyat yoyilishi davri bilan bog’liq. Milodning IV-V asrlarida shimoldan O’rta Osiyoning markaziy va janubiy tumanlariga xionitlar, kidariylar va eftalitlarning kirib kelishi natijasida yerli aholining moddiy madaniyatidagi qadimgi an’ana kamayib, nozik va nafis sifatli kulolchilik buyumlari o’rnini dag’al, yarim o’troq chorvadorlar hunarmandchiligi egallay boshladi. Demak, bu o’zgarishlar turkiylarning kirib kelishi bilan bog’liq edi va ular bu hududda milodgacha II-I asrlardan to milodiy VI asr o’rtasida ham istiqomat qilishardi.

Milodgacha birinchi ming yillikda Markaziy Osiyo, Sibir hamda shimoliy-g’arbiy Xitoy yerlarida yashagan xalqlarning bir qismi turkiyzabon bo’lganligi manbalarda ma’lum. Issiqko’l yaqinidan milodgacha IV-III asrlarga doir sak qabilalari qabridan qadimgi yozuv namunalari topildi. Bu oromiy imlosida bitilgan yozuv “qadimgi turk yozuvi” deb tan olinmoqda. “Turk yozuvi” qadimgi Xorazm, Sug’d va Baqtriya yozuvlari singari O’rta Osiyoning shimoliy-sharqiy hududlarida istiqomat qiluvchi turkiy tilli aholi yozuvi sifatida yuzaga kelgan. Demak, “Turk yozuvi” qo’llanilgan yerlarda turkiy qabila va elatlar yashagan, ular ham juda erta o’z yozuviga ega bo’lganlar. Markaziy Osiyoning sug’diylar, xorazmiylar va bahtarlar yashagan hududlarda Sharqiy Eron tillar guruhiga kiruvchi sug’d va xorazm tillarida so’zlashsalar, shimoliy-sharqiy qismidagi aholi turkiy tilda so’zlashganlar va o’zlarining turkiy yozuviga ega bo’lganlar.

Hozirgi o’zbek tili turkiy tillar negizida shakllangan bo’lsa, tojik-fors tili Sharqiy Xuroson, ya’ni dariy tili asosida shakllandi. Demak, tojik tili hozirgi Tojikiston hududidan tashqari Amudaryoning narigi tomonida, Murg’ob vohasi, hozirgi Afg’oniston va Shimoliy-sharqiy Eron zonasida shakllanib, asta-sekin eftalitlar davlati va turk xoqonligi sharoitida, ayniqsa somoniylar hukmronligining dastlabki davrida so’g’dlar yurtiga jadal kirib bordi. U dastlab shahar va unga yangi aholi punktlarida yerli sug’d tilini siqib chiqarib, markazlashgan somoniylar davlatining tiliga aylandi. Sug’d tilini hali XII-asrda ham uchratish mumkin bo’lgan.

XI asrda yashagan Mahmud Qoshg’ariy “Devonu lug’otit turk” asarida turklarning ijtimoiy hayoti to’g’risida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Iskandar Zulqarnayn Turonni bosib olayotgan paytda turklar uzun, uchi cho’ziq burk kiyib, ot chopayotib, orqa tomonidagi dushmanga mahorat bilan yoydan o’q otardi”. Xuddi shunday ta’rifni skiflar davriga oid arxeologik qazilmalarga bag’ishlangan asarida S. Rudenko ham takrorlaydi. Demak, qadimgi skiflar nomi bilan Sirdaryoning o’rta va quyi sohillaridan to Oltoygacha bo’lgan hududda ko’chib yurgan qabilalar turklarning ajdodi bo’lgan. Hozirgi zamon turkiyzabon xalqlarning soni 150 milliondan ortiqroq bo’lib, ular turli diniy e’tiqodga va 32 dan ko’proq bir-biriga yaqin tillarda so’zlashadilar.

O’rta Osiyo xalqlarining shakllanishida ma’lum rol o’ynagan eftalit qabilalar uyushmasi ham etnik jihatdan turkiylar tarkibiga kirgan. Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da ahmoniylar va sosoniylar asoratiga tushib qolgan xalqlar orasida tur (ko’ra) lar ham tilga olinadi. Sharq manbalarida Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida, unga tutash yerlardagi xalqlar “Turk” nomi bilan, ular istiqomat qilgan yerlar esa “Turon” yoki “Turkiston” deb atalib kelingan. Firdavsiyning “Shahnoma”sida ham “Eron” va “To’ron” atamalari ko’plab tilga olinadi. Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida yashab kelayotgan turkiy xalqlarning keng qatlamiga 639 yildan “Turkiston” degan nom berilgandi.

Milodgacha birinchi ming yillikdan O’rta Osiyo dasht mintaqalarida yashagan xalqlar hududimizning markaziy va janubiy viloyatlariga o’troqlashuv jarayonini o’z boshidan kechirib, ularning janubga siljishi va Yunon-Baqtriya davlatini istilo etishi natijasida Buyuk Kushon saltanatining barpo bo’lishi bilan yakunlangan bo’lsa, G’arbiy Turk hoqonligi hukmronligi sharoitida cho’l aholisi Sirdaryo quyi oqimidan Markaziy Qizilqum orqali Samarqand atrofiga, so’ngra Qashqadaryoning Qarshi shahri orqali Surxandaryo viloyatidagi ko’hna Termiz, Dalvarzin, Shoxtepa, Ayritom kabi qadimiy shahar va yirik manzillarga kelib joylashganlar. Ularning ikkinchi guruhi esa qadimiy Buxoro vohasi orqali Turkmanistonning janubiy viloyatlariga yetib borgan.

Tarixchi at-Tabariyning “Payg’ambar, podshohlar va xalifalar tarixi” asarida ko’rsatishicha, arab istilosi arafasida Balx, Bodhiz, Xuttalon, Chag’oniyon, Shosh va hatto Buxoro aholisining malun qismini turklar tashkil etgan. Ular mahalliy xalqlar bilan aralash yashash jarayonini o’z boshidan kechirganlar, bu xalqlarga til jihatdan ta’sir o’tkazib, ularning tillarini turkiylashtirib bordilar. O’z navbatida ilgaridan o’troq turmush tarzida istiqomat qiluvchi mahalliy aholi xalqlar ham asosiy kasbi chorvadorchilik bo’lgan turkiy xalqlarga o’z ta’sirini o’tkazganlar. Ammo til nuqtai nazaridan turkiy xalqlarning ta’siri shu qadar kuchli bo’lganki, arablar bosqini arafasida Movarounnahr va Xorazmning tub yerli aholisi turklashib bo’lgan edi.

O’zbek xalqining etnik shakllanishida uchinchi bosqich XV asr oxiri – XVI asr hisoblanadi. Bu davrda Markaziy Osiyoga Dashti Qipchoq o’zbeklari kirib keladi. Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” sida O’rta Osiyo va u bilan qo’shni hududlarda XIV-XV asrning birinchi yarimida istiqomat qilgan 44 ta turkiy qabila va urug’larning nomlari qayd etilgan. Shular jumlasiga Sirdaryo va Amudaryo oralig’idagi o’lkalarga XIII asrda Chingizxon va XVI asr boshida Muhammad Shayboniyxon boshchiligida Dashti Qipchoqdan ko’chib kelib, o’troqlashib ketgan qabila va urug’lar orasida uchramagan 10 dan ortiq qabilalar: qang’lilar, lochinlar, qatag’onlar, besh yuzlar, qozoqlar va boshqalar bo’lgan. Chunki, bular mazkur yurtlarda qadimdan istiqomat qilib kelgan turkiyzabon qabilalar bo’lgan.

XVI asr boshida Dashti Qipchoqdan Movarounnahrga ko’chib kelgan turk-mug’ul qabilalari mahalliy turkiyzabon xalqdan son jihatdan juda kam bo’lgan. Ularning umumiy soni 24-26 qabiladan oshmagan. Manbalarda ko’rsatilishicha ularning nomi quyidagilar edi: qushchi, nayman, uyg’ur, qurlovut, girayli, qiyot, qo’ng’irot, tang’ut, echki, do’rmon, yoboqu, xitoy (kidonlar avlodidan), chimboy, shunqorli, shodbaqli, iyjon, qavchin, mang’it, jurg’un, ming, bachqird (bashqird), mojor, solur qozon, echki bahri.

XVI asrda bu qabilalar soni 40 taga yetgan: bahrin, yuz, do’rmon, jaloyir, kenagas, mang’it, ming, mojor, nayman, olchin, orlot, suldus, uyg’ur, xaloj, xitoy, shirin, o’tarchi, qang’li, qatog’on, qipchoq, qo’ng’irot, qiyot, arg’in, yobu, mo’g’ul, tama, keroit, qorliq, saroy, turk, uyshin va h.k. XVII asrga kelib ularning soni 50 dan oshgan, ya’ni quyidagi 20 yaqin qabila qo’shilgan: buyrak, qirq, qurama, yuz, kelachi, o’zz, qulon, uyrot, bulochi, makrit, mesit.

Qisqasi, Oltin o’rdaning “mamlakati o’zbekiya” qismida shakllangan o’zbek xalqining shimoliy qatlami Turkistonda, uning markaziy qismi Movarounnahr va janubiy hududi Xurosonda qadimdan yashab kelayotgan turkiy qatlamga kelib qo’shilgan edi.

Shimoliy Turkistondan ko’chib kelgan aholi ham, navkarlar ham bu yerda yashovchi xalq bilan qon-qardosh, dindosh, mazhabdosh, tildosh edilar. Jonli so’zlashuv tilida, talaffuzda bir ozgina farq bo’lsa-da, adabiy til bitta-umumiy edi. Turkiy shoirlar Atoyi, Lutfiy, Sayfi Saroyi, Muhammad Shayboniy, Uvaysiy va boshqalarning she’riyat tili Ahmad Yassaviy hikmatlariga juda yaqin.

Turkiyalik qardoshlarimiz ko’p asrlar davomida o’zlarini avvaliga “saljuqiy turklar”, keyin “usmonli turklar” deb davlatlari nomini esa Usmoniylar saltanati, Usmoniylar xalifaligi, Kamol Otaturk zamonida o’zlarini “turk”, davlatini “Turkiya jumhuriyati” deb e’lon qilganlar. 1920 yilda Usmoniylar halifaligi bekor qilinib, yangi davlatga qanday nom qo’yish masalasi munozaraga sabab bo’ladi. Bir guruh kishilar bu jumhuriyatni “Turkiston” deb atashni taklif etganlarida, boshqa uzoqni ko’ra bilgan kishi “Turkiston bizning ona yurtimiz, Turkistonning o’z vorislari bor, turkistonlik yurtdoshlarimiz kelajakda hurriyatga chiqajaklar, o’z mamalakatlarini Turkiston deb atajaklar, qardoshlarimizning milliy qadriyati – Turkistonga teginmaylik, bu tarixiy va shukuhli nom o’zlariga buyursin”, degan to’g’ri taklifni o’rtaga tashlagan. Shu tariqa yangidan asos solingan jumhuriyatga “Turkiya jumhuriyati” degan nom berilgan. Shu o’rinda atoqli turk tadqiqotchisi Ziyo Ko’kalpning 20-yillarda Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahliliga bag’ishlangan “Turkchilik asoslari” maqolasidagi (Fan va turmush, 1990, 2-son) ushbu satrlarni eslash joizdir: “Xalq firqasi hukumronlikni millatga, ya’ni turk xalqiga berdi. Davlatimizga “Turkiya” va xalqimizga “turk millati” nomlarini berdi. Holbuki, Onado’li inqilobiga qadar, davlatimizning, xalqimizning, millatimizning hattoki tilimizning nomi “usmonli” degan so’z edi, “turk” degan so’z og’izga olinmasdi”.

Shunday qilib, rasmiy ravishda 1920 yillardan boshlab turk atamasi onado’lilik qardoshlarimizga tegishli bo’lib qoldi. Turk xalqi deganda Turkiya jumhuriyatida yashovchi tub aholi tushinila boshladi.

Turkiy xalq deganda esa, qadim zamondan boshlab Turonzamin va Turkistonda yashab kelgan o’troq turkiy xalq – o’zbeklar nazarda tutiladigan bo’ldi. “Turkiy” iborasi o’rniga qarab, yana boshqa ma’nolarni ham anglata boshladi. Masalan, turkiy xalqlar deyilganida barcha turk xalqlari, elatlari va qavmlar tushiniladi, bu tushunchaga turkiyalik turklar ham kiradi. Demak, barcha turkiy xalqlarning ildizlari teran, tomirlari bir ekan.

Milodiy I-III asrlarda yuksalish davrini kechirgan Kushon podsholigi IV asr o’rtalariga kelib inqiroz davriga kirdi. Uning ayrim vohalarida mustaqil mulklar paydo bo’ldi. Bu mulklarning podshochalari o’zlarini turli nom bilan atadilar: Buxoroda – buxorxudotlar, Chog’aniyonda – chog’anxudotlar, Vardanzida vardanxudotlar, Chochda – to’dunlar, Samarqand va Farg’onada – ixshidlar, Osrushanda – afshinlar, Xorazmda – xorazmshohlar, Termizda – termizshoh, Iloqda – dehqonlar kabi. Ularning harbiy kuchlari esa chokarlar deyilgan. Markaziy hokimiyat ana shu podshohlar va mulklar uyushmasidan tashkil topgan.

Kidariylar nomi bilan atalgan qabila (bu nom qabila boshlig’i va podshosi Kidar nomi bilan bog’liq) esa V asrda massaget qabilalaridan ajralib chiqqan. Bunga 456 yilda kidariylarning sosoniylar bilan bo’lgan jangda yengilishi sabab bo’lgan. Jangda halok bo’lgan Kidarning o’g’li Kungas boshchiligidagi kidariylar Shimoliy Hindistonga o’tib, Gupta podsholigini o’zlariga tobe etganlar va u bu yerda 75 yil hukmronlik qilganlar. Qisqasi, nima bo’lganda ham olimlar eftaliylarni asli O’rta Osiyoda ilgaridan yashab kelgan sak – massaget va xun qabilalarining birikmasidan kelib chiqqan deb hisoblaydilar. Bu qabilalar o’rtasidagi farq etnik xarakter emas, sulolaviy jihatdan bo’lishi mumkin. «Eftal» so’zi esa eftaliylar shohi Vaxshunvor Eftalon nomi bilan bog’liqdir. Vaxshunvor 457 yildan e’tiboran Chog’aniyon, Tohariston va Badaxshonni ham o’ziga bo’ysundirib O’rta Osiyoda yirik davlatga asos soladi. Bundan taxlikaga tushgan Eron shohi Peroz eftaliylarga qarshi uch marta harbiy yurish qilgan va ularda muvaffaqiyatsizlikga uchragan. Natijada, eftaliylar Marv, Qobul va Panjob vodiysi, Qarashar, Kuchu, Qashqar va Xo’tonni ham qo’lga kiritadilar. Eron uzoq davr eftaliylarga xiroj to’lab turgan.

Taxminiy fikrlarga ko’ra, Eftaliylar davlatining poytaxti Poykand yoki Balx shaharlari bo’lgan. Aholining asosiy qismi dehqonchilik bilan shug’ullangan, qolganlari esa ko’chmanchi chorvachilik hayot tarzini o’z boshidan kechirgan. Eftaliylarning ko’pchiligi mahalliy aholi bilan aralashib, o’troq hayot tarziga o’tgan, yoki shaharliklarga xos yashashga moslashganlar. Eftaliylarning ko’chmanchi aholisi esa kigiz o’tovlarda, keng yaylovlar va suvga boy yerlarga ega bo’lishgan. Ko’rinadiki, ular dastlab ko’chmanchi chorvador bo’lishgan, keyinroq esa, shaharlarni ishg’ol qilib, uning doimiy aholisiga aylanishgan.

Muhimi shuki, eftaliylar davlatida yer egaligi munosabatlari shakllana boshlagan. Eski tartibdagi shaharlar o’rnida yangi shahar-qal’alar qaror topgan. Eron, Vizantiya, Xitoy va Hindiston kabi davlatlar bilan savdo aloqalari olib borilgan.

O’rta Osiyoda feodal munosabatlari – yer egaligi yuzaga kelishining o’ziga xos xususiyatlari shuki, bu yerda deqhon ko’proq mulkdor zamindorga emas, yerga bog’lanib qolar edi. Bu esa chorikorlik tartibini vujudga keltirdi.

Feodal munosabatlar yuzaga kelishini yana shundan sezish mumkin ediki, kushonlar podsholigi davrida dehqonchilik uchun yaroqli, sug’oriladigan yerlar asosan qishloq jamoalari ixtiyorida bo’lib, bu jamoa a’zolari «Kashovarzlar» deb atalardi. Yer egasi bo’lib qolgan harbiy zodagonlar esa «dehqon» deb atalardi.

Bu davrlarda «dehqonlar» qishloqda ekin yerlari, ariq bo’ylariga joylashib, «Koshavarzlar»ni bo’ysindirganlar va xom g’ishtdan kushk-qo’rg’onlar qurib yashaganlar. Jamoa yerlarini egallagan «dehqon»larning qullari, bog’-rog’lari, chorva mollari, xizmatkorlari va kanizaklari shaharda savdo-sotiq bilan ham shug’ullanish uchun ularning savdo – do’konlari hamda hunarmandchilik bilan bog’liq dastgohlari mavjud edi.

V-VI asrlarda dehqonchilik vohalarida kichik-kichik sug’orish kanallari ishga tushuriladi. Hozirgi vaqtda ham mavjud bo’lgan Zag’ariq, Bo’zsuv, Darg’om kanallari V asrda barpo etilgan. Shuningdek, tog’ oldilariga suv olib borish uchun suv chiqarish asboblaridan keng foydalanilgan.

Qalin mudofaali qo’rg’onlar ilk o’rta asrning o’ziga xos me’morchilik namunalaridan bo’lib, Nahshab vohasidagi Zahoki-Moron qal’asi, Buxorodagi Shahri Vayron, Xorazmdagi Fir qal’asi shular jumlasidandir. Vohalarni tashqi dushmandan himoya qilish maqsadida bir necha chaqirim uzunlikdagi qalin devorlar barpo etilgan. Samarqand vohasidagi 12 ta darvozaga ega bo’lgan «Devori Qiyomat», Buxoro vohasidagi uzunligi 336 kilometrli «Kampirik», Toshkent vohasidagi «Kampirdevor» istehkom devorlari shular jumlasidandir.

Bu davr me’morchiligida qasrlar qurilishi, ayniqsa, ahamiyatlidir. Qasrlar odatda 2 qavatli, shipi tekis, gumbazsimon va ravoqsimon yopilgan bir necha xonadan iborat bo’lgan. Bu davrda qurilgan saroy va ibodatxonalar qurilishida paxsa va xom g’ishtdan tashqari pishiq g’isht ham ishlatila boshlangan. Bularga misol tariqasida Surxandaryodagi Bolaliktepa, Xorazmdagi Tuproqqal’a qasrlari xarobalarini ko’rsatish mumkin.

Shunday qilib, V-VI asrlarda mamlakatimizda, umuman, mintaqada yuz yildan ortiq davr davomida eftaliylar sulolasi hukmronlik qildi. Davlatni boshqarishda ular o’tmishdagi dongdor sulolalaridan qolishmaganlar. So’nggi kushonlar zamonida boshboshdoqlik yo’liga kirgan mamlakatni qaytadan birlashtirib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlar va tashqi aloqalar taraqqiyotini an’anaviy yuksak darajada tutib turishiga bosh — qosh bo’lganlar.

VI asr o’rtalariga kelib, Sharqiy Turkiston, Farg’ona, So’g’diyona, Xorazm, Baqtriya, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Eronni o’z ichiga olgan Eftaliylar davlati tanazzulga uchray boshlagan. Ayni davrda Oltoy, Yettisuv va Markaziy Osiyodagi turli qabilalar va xalqlar birlashib, yirik turk xoqonligi davlatini tashkil qildilar. Lekin bu turkiy xalqlarning davlatga uyushuvi VI asr o’rtalarigacha bo’lmagan degan xulosani bermaydi. Turkiyshunos olimlar fikricha, eng qadimgi turkiyzabon xalq Xitoy solnomalarida miloddan avvalgi 1756 yildan tilga olinadi. Lekin bu xalq «Turk» nomi bilan emas, balki «xun» deb atalgan. «Turk» so’zi etnik (xalq) nomi sifatida milodimizning V asridan boshlab uchraydi. Xunlar turkiy xalqlarning uzoq ajdodlari bo’lib, juda qadimiy tarixga egadirlar. Xunlar Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi bo’ylari hamda Shimoliy Kavkaz va G’arbiy Yevropa yerlarigacha cho’zilgan hududlarda yashaganlar. Miloddan avvalgi 207 yildan to milodning 216 yiligacha, ya’ni 423 yil hukmronlik qilgan Ulug’ Xun saltanati sharqiy va g’arbiy qismga bo’linib idora qilingan. 374 yildan to 469 yilgacha Yevropoda Xunlar saltanati mavjud bo’lgan. Bu saltanatning asoschisi Balamir (374-400) hisoblanadi. U juda ko’p mamlakatlarni o’z qo’l ostida birlashtiradi. Sharqiy Rus, Ruminiya, Yugoslaviyaning shimoli, Mojariston (Vengriya), Avstriya, Chexoslovakiya, Sharqiy va O’rta Olmoniya mamlakatlari bu saltanatga kirgan. Xun Hukmdorlaridan Attila (434-453) nomi Yevropada hozirgacha ma’lum. Ikkinchisi Oq Xun saltanatidir. Bu O’rta Sharq – Eftalit saltanati deb ham yuritiladi. Sulolaning asoschisi Kun xon bo’lgan. Uning tarkibiga Hindistonning yarmi, Afg’oniston va Turkiston kirgan. Hindiston bu sulola tarkibida bo’lganligidan ko’k tangridan tashqari buddizm ham yetakchi din hisoblangan. Qayd qilinishicha, V asrning ikkinchi yarmida Xun davlati turli sabablarga ko’ra parchalanib ketgan. Xunlarning uncha katta bo’lmagan bir toifasi o’z atrofiga qisman mo’g’ul va xitoy muhojirlarini birlashtirib, hech qanday hokimiyatga va davlatga bo’ysunmasdan ko’chmanchilik qilib hayot kechirganlar. Ana shu toifani ya’ni ularga qo’shilgan mo’g’ullarni «Turk-utu», ya’ni «bo’ri urug’i» deb ataganlar. Bu degan so’z turklar bo’ridan tarqalgan ma’noni bildirmaydi. Balki barcha xalqlarning uzoq o’tmishida bo’lgani singari har bir qabilaga homiylik qilgan hayvon, daraxt va jismlar nomi bilan atalgan.

VI asr boshlariga kelib, o’sha qabilalar uyushmasi son jihatidan osha borgan. Nomlanishdagi ikkinchi so’z tushib qolib, «Turk» deb atalavergan. Ana shu tariqa VI asr o’rtalariga kelib, Markaziy Osiyoda Turk xoqonligi tarkib topadi. Unga asos solgan kishi Ashin bo’lgan. 545 yilda Qo’zg’olon ko’targan jo’jonlarga Teles qabilalari zarba beradi va o’z navbatida turklar Teles qabilalarini tor-mor keltiradi. Shundan so’ng 545 yildan e’tiboran Turk xoqonligi Markaziy Osiyo, Mo’g’uliston, G’arbiy Sibir va Dashti Qipchoq yerlarida hukmron davlatga aylanadi. Umuman, birinchi va ikkinchi turk xoqonligi 545 yilda to’liq mustaqillikka erishganlaridan so’ng o’z hukmronliklarini deyarlik ikki yuz yil davom ettirdilar. Turk xoqonlari nihoyatda katta hududlarga ega bo’lgan mamlakatlarini sakkizta tobe xonliklar asosida boshqardi. Sharqiy xoqonlik markazi Oltoyda, G’arbiy xoqonlik Yettisuvda bo’lgan.

563-567 yillarda Turk xoqonligi qo’shinlarining kuchli zarbalari ta’sirida O’rta Osiyodagi eftalitlar davlati barbod bo’ldi. Turk xoqonligi yerlari yanada kengayib, u Amudaryo va Kaspiy dengizi chegaralarigacha yetib bordi. Turk xoqonlari O’rta Osiyoda o’z hukmronligini o’rnatish bilan chegaralanmay, sosoniylar Eroni bilan ham vaqti-vaqtida urushlar olib bordilar. V-VII asrlarda feodal zulmining kuchayishi oqibatida yersiz aholi kadivarlarning ahvoli yomonlashadi va bu davrda dehqonlar zulmiga qarshi Eronda Mazdak, Buxoroda Abro’y boshchiligida qo’zg’olonlar ko’tarilgan va ular shavqatsizlik bilan bostirilgan.

VII asr boshida arab xalifaligi yuzaga kelishi arafasida yarim orolda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot darajasi bir xil emas edi. Yamanda quldorlik munosabatlari hukmronlik qilgan bir paytda mamlakatning shimoliy qismida quldorlik munosabatlari endigina kurtak otayotgan, chorvachilik bilan shug’ullanayotgan qabilalarda patriarxal urug’chilik tuzumi ilk yemirilish bosqichida edi. Aholining asosiy qismi ko’chmanchi chorvachilik bilan mashg’ul edi. Shaqarliklar esa hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan band bo’lgan. Ko’chmanchi aholi «badaviylar» nomi bilan atalgan. Tushunarliki, Arabiston yarim orolida yashovchi qabilalar o’zlariga qo’shni mamlakatlarga qaraganda tarixiy taraqqiyotning quyi bosqichida edi.

Ayni vaqtda Arabiston yarim orolining g’arbiy qismidagi qizil dengiz sohillarida geografik qulay hududda joylashgan hijoz tumanida iqtisodiy taraqqiyot ancha ilgarilab ketgandi. Bu hududning markazi bo’lgan Makka shahri diniy markaz sifatida ham o’rni ancha yuqori bo’lgan. Makkadagi Zam-zam Qudug’i qadimdan ko’chmanchi qabilalar va o’tkinchi savdogarlar e’tiborini qozongandi. Nihoyat, Makkada qurilgan birinchi bino-Ka’ba arablarning muqaddas joyiga aylangandi. Demak, Makka arab qabilalarini birlashtirishda muhim rol o’ynashi mumkin edi. Chunki V-VI asrlarda arab qabilalari ittifoqi mustahkam emas edi. Negaki, har bir qabila turla dinlarga sig’inardi. Ko’p xudolilik va ko’p payg’ambarlilik negizida tez-tez kelib chiqadigan va sodir bo’ladigan qabilalar hamda urug’lar o’rtasidagi urushlar xalq ommasiga katta qiyinchiliklar tug’dirardi. Ko’p xudolikka asoslangan qabilaviy urushlar siyosiy parokandalikka olib kelib, bu mamlakatni yagona davlatga birlashtirishga asosiy g’ov bo’lmoqda edi. Ana shu zaruriy ehtiyoj oqibatida yakka xudolikni bosh bayroq qilib olgan, insonlarni to’g’ri va haq yo’lga boshlovchi islom dini vujudga keldi. «Islom» so’zi arabcha «xudoga o’zini topshirish», «itoat», «bo’ysinish» ma’nosini anglatadi. Shu bois bu dinga e’tiqod qiluvchilar «Muslim» («bo’yin eguvchi») deb ataladi. Islom dinining asoschisi Muhammad alayhissalom (570-632) dir. Uning otasi Abdulloh Kuraysh qabilasining boshlig’i Abutolibning o’g’li bo’lgan. Yana Abutolib Makkadagi Ka’ba maschiti kalitining saqlovchisi edi. Ota onadan yosh yetim qolgan Muhammad dastlab bobosi, so’ng amakisining qo’lida tarbiyalanadi. U 25 yoshida amakining maslahatiga ko’ra badavlat, 40 yoshdagi ayol Xadichaga uylanadi va uning savdo ishlariga boshchilik qiladi.

632 yil 8 iyunda Muhammad alayhissalom vafot etdi. Uning ishlarini noiblari yoki o’rinbosarlari (arabcha xalifalar) davom ettirdilar. Ana shu tariqa Arab xalifaligi paydo bo’ldi. Islom dunyosida asosan to’rtta xalifa alohida diqqatga loyiqdir: Abu Bakr (632-634), Umar (634-644), Usmon (644-656) va Hazrat Ali (656-661). Ulardan so’ng xalifalik 661-750 yillarda ummaviylar sulolasiga o’tgan. Bu sulolaga Muoviya bin Abu So’fyon (661-680) asos solgan. Ummaviylardan so’ng xalifalikni abbosiylar (750-1258) davom ettirdilar. Uning asoschisi Muhammad alayhissalomning amakilari avlodidan Abul Abbos as- Saffoq (749-754) edi. Islom dini bayrog’i ostida Arab xalifaligi VI-VIII asrlarda Shimoliy Afrika, Shom yurti, Falastin, Iroq, Eron va boshqa xududlarni bosib oldi va o’z hukumronligini o’rnatdi. O’rta Osiyo xalqlari qariyb yarim asr davomida arab istilochilariga qattiq turib qarshilik ko’rsatganlar. Bunday qarshilikni arablar boshqa yerlarni bosib olishda uchratmagan edi. Katta kuchga ega markazlashgan xalifalik harbiy qo’shinlari qiyinchiliklariga qaramay O’rta Osiyoda o’z hukmronligini o’rnatadi.