Qaynoq suvda hayot bo’ladimi?

So’nggi vaqtlarga qadar qaynoq suvda hamma narsa hatto issiqqa eng chidamli bakteriyalar ham o’ladi, deb hisoblab kelinardi, lekin tabiat bu ishonchni chipakka chiqarib tashladi. Tinch okeani chuqurliklarida tselsiy bo’yicha harorat darajasi 250 darajadan 400 darajagacha bo’lgan issiq suvlar topildi: buni qarangki, mana shu qaynoq suvda ham bir qancha tirik organizmlar: bakteriyalar, ulkan chuvalchanglar, turli mollyuskalar va hatto dengiz qisqichbaqalarining bir necha turi o’zlarini juda yaxshi his etar ekan. Bu kashfiyot haqiqatdan yiroqday tuyuladi. Aksariyat o’simliklar va hayvonlar 40 daraja haroratdan oshiqroq, ba’zi bakteriyalar 70 daraja haroratda halok bo’lishini bir esga tushiraylik. 85 daraja issiqlikda juda oz bakteriyalar yashay oladi, eng chidamlisi oltingugurtli manbalarda yashaydigan bakteriyalar hisoblangan. Ular 105 darajagacha bo’lgan haroratda ham yashay olgan. Mana shu chegara edi. Ma’lum bo’lishicha, tabiatning chegarasi yo’q, okean tubidagi issiqqa bardoshli tirik organizmlar singari hali biz bilmagan yoki aniqlamagan narsalar bor ekan. Ustiga ustak, okean tubidan tadqiq uchun olib chiqilgan qaynoq suv birmuncha sovidi (taxminan 80 darajagacha), bizningcha, sovuqdan bo’lsa kerak, unda yashayotgan bakteriyalar ko’payishini bas qildi. L. Toma degan fransuz olimi qaynoq suvda yashayotgan maxluqlarni hozirgi zamon dunyo biologiyasining yana bir mo’jizasi deb atadi. Shunday qilib, tabiatning yana bir jumbog’i aniqlandi, u hayot qanday sharoitlarda va qay tariqa rivojlanishi borasidagi ilgarigi tasavvurlarni qayta ko’rib chiqishga majbur etmoqda.