Qora chigirtkalar qandoq sayraydi?

Qora chigirtkaning odamlarga mehri bo’lakcha. Ko’p mamlakatlarda bu hasharotlar bilan bog’liq irim-sirimlar mavjud. Masalan, xonadonlarda yashaydigan qora chigirtka baxt keltiradi, u ketib qolsa, yomonlik alomati sanaladi. Italiya, Shimoliy Afrika va Yaponiya aholisi ularni xush ovozidan bahra olish uchun o’z bog’larida saqlaydilar. Aslida qora chigirtkalar xonish qilmaydi. U skripkachi! U old qanotining o’tkir tomonini ikkinchi qanotining ustiga ishqalaganda ovoz chiqadi. Faqat narlari ana shunday ohang taratadi. Ular kun bo’yi chirillaydi va shu ovozi bilan modalarini mahliyo etadi. Ayni o’rinda, qizlarni jalb etish uchun bolalarning kun bo’yi skripka chalishini bir tasavvur etib ko’ring! Qora chigirtkalarning o’tkir ko’zlari boshida emas, oyog’ida joylashgan. Ularning mo’ylovi juda uzun, oyoqlari esa sakrashi uchun maxsus moslashgan. Xonadon qora chigirtkasi (uni ba’zan o’choq chigirtkasi ham deyishadi) Yevropada yashaydi. Ancha yillar oldin u yangi dunyoga olib o’tilgan va hozirgi paytda Qo’shma Shtatlarning bir talay joylarida hayot kechiradi. Pushti dog’li, och sariqdan kelgan bu mitti hasharot 3 santimetr atrofida bo’ladi. U uylarda yashaydi. Qora chigirtkalar issiqni sevadi, shu boisdan o’choq boshlarida, mo’ri va pol yoriqlarida yashirinib kun kechiradi. Dala qora chigirtkasi kattaroq bo’ladi va yerdan kichikroq chuqurlik kavlab, shu yerda yashaydi. Erkak qora chigirtka urchish davrida urg’ochisiga yaqinlashib, chirillaydi. Yog’och chigirtkalari ham bor. Ular musiqaning sokin eshitilishini xush ko’radi. Fermerlar qora chigirtkalar lichinkasidan tashvish tortadilar, chunki ular o’zlari o’rnashgan tok va daraxtlar bargini yeb qo’yadi. Xitoy qora chigirtkalarini odamlar chigirtkalar jangi uyushtirish uchun atay parvarish qiladilar va kuzatuvchilar qaysi biri g’olib chiqishi borasida garov o’ynaydilar.