Quyosh sistemasi nima?

Hoynahoy, “uchar likobchalar” va o’zga dunyolardan kelgan g’ayrioddiy mavjudotlar to’g’risida eshitgan bo’lsangiz kerak. Ularning haqiqatan ham mavjudligi dargumon, biroq bunday hodisalar ro’y berishi ehtimoldan uzoq emas. Gap shundaki, Quyosh sistemasi unga o’xshash millionlab sistemalar bo’lishi ehtimoldan xoli bo’lmagan Koinotning uvoqqina bir zarrasidir.

Quyosh sistemasi o’z ichiga Quyosh va uning tortish kuchi natijasida atrofida aylanadigan barcha jismlarni qamrab oladi. Bizning Quyosh sistemamiz tarkibiga uning tortish kuchi ta’sirida bo’lgan sayyoralar, yo’ldoshlar, asteroidlar va kometalar kiradi. Yer to’qqiz sayyoraning biridir.

Sayyoralar o’lchami va boshqa ko’rsatkichlari bo’yicha bir-biridan farq qiladi va Quyoshdan turli xil uzoqlikda joylashgandir. Merkuriy Quyoshga eng yaqin va eng kichik sayyoradir. U 88 kecha-kunduz davomida Quyosh atrofida bir marta aylanib chiqadi. Undan keyingi sayyora Venera – Cho’lpon bo’lib, Quyoshdan 108 mln km uzoqlikda joylashgan va uning atrofida 225 kecha-kunduzda bir marta aylanibb chiqadi. Uchinchi sayyora Yer esa Quyoshdan 150 mln.km uzoqlikda joylashgan. Keyingi sayyora Mars – Mirrix bilan Quyosh o’rtasidagi masofa – 228 mln.km. Uning Quyosh atrofida bir marta aylanib chiqish vaqti 687 kundir. So’ngra Quyosh sistemasidagi eng katta sayyora – Yupiter – Mushtariy keladi, uning to’liq aylanib chiqish vaqti – 12 yil, Saturn – Zuhalniki esa – 29,5 yil. So’ngra uch sayyora – Uran, Neptun va Pluton Quyoshdan shu darajada olisdaki, ularni oddiy ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi.