Reaktiv oqimlar nima?

Bugungi kunda «reaktiv» so’zi tez-tez qulog’imizga chalinib turadi. «Reaktiv oqim» tushunchasi reaktiv samolyotlar bilan bog’liq emasmikin, deb o’ylab qolasan kishi. Aslida bunday emas.

Reaktiv oqimlar yer atrofidagi shamollar tizimining bir bo’lagidir. Keling, gapni «shamol» tushunchasi nimani anglatishidan boshlay qolaylik. Shamol yer yuzasiga parallel ravishda va undan unchalik uzoq bo’lmagan masofada harakat qiladigan havo oqimdir.

Shamolning ko’chib yurishi, asosan, havodagi bosimlarning turlichaligi bilan bog’liqdir, shuning uchun shamol yuqori bosimli mintaqadan past bosimli mintaqaga tomon esadi.

Yalpi (mahalliy emas!) miqyosda olganda, sovuq havo qutbdan ekvatorga, issiq havo esa ekvatordan qutblarga qarab harakatlanadi. Ular bir tekis harakatlanmaydi, aksincha, havoning aralash-quralash oqimidan iborat bo’ladi. Ob-havoga har mintaqada har xil sharoitlar ta’sir etadi. Bosimning oz-ko’pligiga mahalliy issiqlik manbasi ham ta’sir etmay qolmaydi. Ma’lum bir mintaqadagi shamol yo’nalishiga quruqlikning, suv sathining va tog’larning joylashuvi ham ta’sir o’tkazadi.

Ayrim mintaqalarda doimiy yuqori bosimga ega bo’lgan joylar bor. Bunday joylar «antisiklonlar» deb ataladi va ular o’sha mintaqadagi shamollarning yo’nalishini belgilab beradi. Shunday qilib, endi siz shamol qanday turishini va unga nimalar ta’sir ko’rsatishini bemalol tasavvur qila olasiz. Lekin bu gaplarning barchasi atmosferaning quyi qatlamlaridagi shamollarga tegishli. Atmosferaning yuqori qatlamlarida esa shamol paydo bo’lishi uchun boshqa sharoit zarur. Bu shamollar yer yuzasidagi shamollarga nisbatan katta tezlik bilan harakat qiladi. 9 km balandlikda shamolning tezligi «reaktiv oqim» deb ataladigan darajaga etadi. Bunday oqimning tezligi soatiga 200— 400 km.ni tashkil qiladi.