Shamol qaydan paydo bo’ladi?

Ba’zida osoyishta va tiniq havodan to’yib-to’yib nafas olish uchun ko’chaga chiqamiz. Besh-o’n qadam bosib ulgurmasimizdanoq to’satdan shamol ko’tariladi. Garchi uni ko’rmasak ham, qaydan paydo bo’lganini bilmasak ham, uni qo’llarimiz, yuzimiz bilan sezamiz.

Shamol havo massasining yer uzra ko’chib yurishidir. Havoni ko’chib yurishga nima majbur qiladi? Bu savolga javob hamisha bitta, u ham bo’lsa, temperaturaning o’zgarishi. Havo qiziganda, kengayadi va yengillashib, yuqoriga ko’tariladi. Uning o’rnini esa undan og’irroq bo’lgan sovuq havo oqimi egallashga intiladi. Mana shu shamoldir.

Shamolning ikki turi mavjud: umumjahon tizimiga tegishli shamollar va mahalliy shamollar. Umumjahon shamollar tizimi Quyosh ko’proq qizdiradigan ekvatordan boshlanadi.

U yerda issiq havo, yuksakliklarga ko’tarilgach, Shimoliy va Janubiy qutblar tomon haydala boshlaydi. Ekvatordan qutbgacha bo’lgan masofaning uchdan bir qismini bosib o’tgach, soviydi va yana yer yuzasiga qayta boshlaydi. Havo massasining bir qismi qutbga tomon harakatini davom ettiradi, qolganlari esa ekvatorga qaytadi.

Bir mintaqada va bir yo’nalishda yil bo’yi esadigan shamollar ustun shamollar deb ataladi. Biroq ko’pincha u yoki bu joyda shamol butunlay boshqa tomonga qarab esadi. Bunga mahalliy shamollarning aralashuvi sabab bo’ladi.

Mahalliy shamollar yuqori bosimli sovuq yoki past bosimli issiq havo oqimining kelishi natijasida paydo bo’ladi. Bu, odatda, bir necha soat yoki kun davom etadi, shundan so’ng ustun shamollar esa boshlaydi. Mahalliy shamollar turishiga yana bir sabab bir kecha-kunduzlik temperaturaning keskin o’zgarishidir. Bu, ayniqsa, dengiz sohilida sezilib turadi. Dengizdan esayotgan sovuq shamol kunduzi quruqlik tomon ko’chib o’tadi, kechasi esa buning aksi bo’ladi.