Skopa nima?

Qo’shma Shtatlarda skopalarni «baliqxo’r qirg’iylar» deb atash qabul qilingan. Bu nom qushning hayot tarziga juda mos tushgan. Uning o’lja tutuvchi nigohlari juda g’ayrioddiy. U 15+17 metr balandlikda uchayotib, suv tagiga nazar soladi. Ittifoqo, u suv sathiga yaqin suzib yurgan baliqni ko’rib qoladi. Baliqning tusi suvdan yaqqol ajralib turadi va buni odam sohilda turib payqamasligi mumkin, ammo baliqxo’r qush uni ilg’ab, pastga sho’ng’igancha tipirchilayotgan o’ljasini changallab oladi. Keyin o’ljasidan shoshilmay-netmay mazaxo’rak bo’lish uchun daraxt ustiga qo’nadi. Ov payti skopa tanlagan hududida turli tomonga qanotlarini ohista qoqib, goh qoqmay uchib yuradi. Uning pastga sho’ng’ishi kutilmaganda ro’y beradi va hamisha mo’ljalni aniq oladi. Qush shiddatli kuch bilan hujumga tashlanadi, deyarli suv tagiga kirib ketadi. Ammo u suv tagida turolmaydi, chunki u suvda yashaydigan qush emas. Skopaning uzunligi taxminan 60 santimetr, qanotlari silkinganda taxminan 1,5 metrga yetadi. U ilmoqsimon tumshug’idan o’ljasini tutish va ushlab turishda foydalanmaydi. Bu jihatdan unga kuchli panjalari va tirnoqlari yordam beradi. Boshi, bo’yni va tomog’i oppoq tusda, boshida qora yo’l-yo’l tarami bor. Yelkasi va qanotlari to’q pushti rangda. Skopalarning faqat bir turi bor. U Shimoliy yarim sharda, shuningdek, Malayya yarim orolida, Avstraliyada va Kaledoniyada yashaydi. Uning birdan-bir taomi baliq bo’lgani uchun suvga yaqin joyda hayot kechiradi. Skopalarning turmush tarziga xos bir xususiyat — ular uyasini katta va xunuk qilib qo’yadi. U o’z uyasini ko’rinarli joyga quradi va eski uyasiga har yili yangi material qo’shib boradi. Yil o’tgan sari uning uyasiga xivich, novda, qarag’ay po’sti va ignasining katta bir uyumi hosil bo’ladi. Pirovardida uya chuqurligi 1,8 metrga yetadi va vazni 315-450 kilogrammni tashkil etadi. Uya qarag’ayning uchida, qumloq plyaj yoki shiyponning ustida, mutlaq ochiq joyda o’rnashadi. U turli materiallardan tiklanadi.