Skripkachilar nima?

Kulgili savol, deyishingiz mumkin. Ikkiga kirgan bola ham skripkachi skripka chalayotgan odam ekanini biladi. Bu, albatta, to’gri. Biroq skripka tugul o’yinchoq garmonni chala olmaydigan skripkachilar bo’lar ekan: ular jimitday krablardir. Nar skripkachilar feruza-qizg’ish rang, urg’ochilari anchayin oddiy: och jigarrang bo’ladi. Narlari kalta qisgichlarining biridan faqat ovqat bo’lagini, boshqa — kattasidan esa krabning o’ziday keladigan ovqatni yeyishda foydalanadi. Zo’ryodlari suv pasayib ketgan serbalchiq joyda sayru sayron qilishni xush ko’radi. Balchiqda sayr etarkan, krablar ulkan qisgichlarini to’xtovsiz yuqoriga-pastga, skripka kamonini xayolda jonlantirayotganday ko’tarib tushiradi. Uning nomi ham shundan olingan. Skripkachi ko’p sonli imlab chaqiruvchi krablar oilasiga kiradi. Ularning hammasi urg’ochilarini qisgichlarini imlab chaqiradi. Yuzaki qaraganda, krab qisgichlarini to’xtovsiz siltayotganday tuyuladi. Aslida esa, u panjalarida tik turib, urg’ochisini ko’rgan zahoti imlab chorlaydi. Agar sabotli xushtor o’zining latif harakati bilan juftini asir etsa, jufti unga jajji chiroyli qisgichlarini ochib-yopib peshvoz chiqadi. Narining imo-ishorasi tagida ikki xil ma’no yotadi. Imlash faqat urg’ochisiga qaratilgan bo’ladi. Boshqalari uchun bu harakat: «hudud band, mening uyimga yaqinlashma, yaqinlashsang o’zingdan ko’r», degan ma’noni anglatadi. Haqiqatan ham in atrofiga allaqanday bezbet krab yaqinlashsa, narlari o’rtasida rosmana janjal chiqadi. Raqiblar katta qisgichlarini ishga solib, bir-birini loydan chiqarib o’zidan yiroq otib yuborishga tirishadi. Yutib chiqqan krab quvonganidan raqsga tushib ketadi. Bordiyu biror urg’ochisi urushayotganlar yonidan o’tib qolsa, u to’xtab, jang natijasini kutib turadi va jasoratli janjalkash, raqqos bilan birga yashashga rozi bo’ladi. Boshqacha bo’lishi mumkinmi? G’olibning raqsi — bu urg’ochisiga qaratilgan uzun, otashin va ishonchli so’zdir.