Suv nima?

Olimlar boshqa sayyoralardan hayot izlaganda, avvalo, u yerda suv bormi, degan savolga javob izlashadi. Biz suvsiz hayot bo’lmasligini yaxshi bilamiz.

Suv hidsiz, ta’msiz, rangsiz suyuqlikdir. U barcha mavjudotlar tarkibida, tuproqda va havoda bo’ladi.

Tirik organizmlar faqat suvda erigan ozuqani iste’mol qilishadi. Tirik hujayralar, asosan, suvdan tarkib topgan. Suv tarkibiga nimalar kiradi? U ikki gazning: o’ta yengil vodorodning va nisbatan og’ir, faol gaz bo’lmish kislorodning oddiy birikmasidir.

Vodorodning kislorodda yonishi natijasida suv hosil bo’ladi. Ammo suvning xarakteristikasi uni tashkil etuvchi elementlarnikiga mutlaqo o’xshamaydi. Uning o’ziga xos xususiyatlari bor.

Suv ham boshqa ko’plab moddalar kabi uch xil holatda mavjud bo’ladi: suyuq (odatdagi shakli), «muz» deb ataladigan qattiq va «suv bug’lari» deyiladigan gazsimon holatlari. Suvning holati uning temperaturayoiga bog’liq.

Tselsiy shkalasi bo’yicha 0 darajada suv suyuq holatdan qattiq holatga o’ta yoki muzlay boshlaydi. Tselsiy shkalasi bo’yicha 100 darajada u suyuq holatdan gazsimon holatga o’ta boshlaydi. Bunday ko’rinish holatidan ko’rinmas holatga o’tish «bug’lanish» deb ataladi.

Agar issiq uyga bir bo’lak muz olib kirilsa, u eriy boshlaydi. Mabodo, uy ancha issiq bo’lsa, muzdan hosil bo’lgan suv xalqobchasi yo’qolib ketadi, ya’ni suv bug’lariga aylanadi. Suv soviganda, hajmi kengayadi.

Buloqlar atmosfera yog’inlaridan suv oladi. Yomg’ir suvi yer ostiga sizib o’tadi va qirlar yonbag’ri yoki tog’ etaklaridan sizib chiqa boshlaydi.

Yer osti suvlari ham bor: ulardan katta-katta basseynlar hosil bo’ladi. Buloqlar shunga o’xshash rezervuarlardan suv to’kilib turadigan teshiklarga o’xshaydi. Suvning tarkibi u o’z yo’lida duch keladigan jinslarga bog’liq. Buloqlarning ikki turi bor: mineral buloqlar va termal (issiq) buloqlar. Issiq buloqlarda, odatda, temperatura 20 darajadan baland bo’ladi. Ayrim daryolarning tubiga suv sizadi. Bir joyga to’plangan suv yana yuzaga oqib chiqadi. Bunday buloqlar karst buloqlar deb ataladi. Suv tabiatda hech qachon sof holda uchramaydi. Uning tarkibida erigan mineral tuzlar, gazlar, mikroorganizmlar zarralari bo’ladi. Suv aylanib yuradi. Quyosh uni bug’lantirib, dengizlar va okeanlardan havoga olib chiqadi. Suv bug’lari bulut bo’lib yig’iladi va yomg’ir, tuman, qor yoki shudring holida yerga, suvliklarga qayta yog’adi.