Timsohlar odamlarga hujum qiladimi?

Balki siz suvga yashirinib turgan timsohni va undan vahimaga tushib, tumtaraqay bo’lib qochayotgan odamlarni kinolarda ko’rgan bo’lsangiz kerak. Timsohlar, haqiqatan ham yonidan o’tayotgan odamlar uchun shu qadar xavflimi? Nima desangiz deng-u, lekin bu haqiqat: timsohlar ko’zoynakli ilonni istisno etganimizda, boshqa hayvonlar barchasiga nisbatan odamlarga ko’p kulfat yetkazadi. Ayrim turlari, masalan, Afrika timsohi sho’r suvda yashaydi va odamxo’r. Mahalliy odamlar va hayvonlar mana shu reptiliyani ko’rganlarida tizzasi qaltiray boshlaydi. Ularning ayrim vahshiy qonxo’rlari nafaqat oldidan o’tayotgan odamga, balki uning orqasidan quvib borib chang soladi va o’ljasi bilan suvga qaytib keladi. Alligatorlar va timsohlar — ko’p asrlar burun yer yuziga tarqalgan va bo’yi 24 metr bo’lgan qadimiy dinozavrlarning, ulkan kaltakesaklarning bevosita avlodidir. Hozirgi paytda alligatorlar va timsohlar mavjud reptiliyalarning eng yirik vakillaridir, ularning ayrimlarining bo’yi 7 metrga etadi. Ular bir oilaga mansub va bir-biriga juda o’xshashdir. Ammo farqlar ham bor: alligatorning boshi keng va yassi, timsohniki ega ingichka va cho’zinchoq. Alligatorlar timsohlardan ko’ra vazmin va sust harakatlidir. Ular burni, ko’z va yelkasini suvdan chiqarib, ko’p vaqtini suvda o’tkazadi. Reptiliyaning bolalari oq cho’zinchoq tuxumlarni ochib chiqadi. Urg’ochisi barglardan qilingan uyasiga 20 tadan 90 tagacha tuxum qo’yadi. Bu yerda ularni quyosh isitadi. Ona reptiliya yaqin atrofda kutib turadi va bolalari ochib chiqishiga ko’maklashadi. Reptiliyalarning aksariyati hech qanday ovoz chiqarmaydi, timsoh va alligatorlar past va cho’zinchoq na’ra tortib ho’yadi. Alligatorlar Amerika va Xitoyning issiq mintaqalarida yashaydi, timsohlar esa Afrika, Osiyo, Avstraliya va Amerikada hayot kechiradi. Yuz yilcha burun alligator terisidan chiroyli sumkalar, karmonlar, qayish va tuflilar tikish ma’lum bo’ldi. Oqibatda alligator noyob hayvonga aylandi.