Xiva xonligiga qarshi qayta harbiy yurishni uyushtirish harakati

Rus imperatori Nikolay I 1839 yilgi muvaffaqiyatsizlikni eshitirshi bilanoq xonlikni bosib olish uchun qayta harbiy tayyorgarlikni darhol boshlash haqida farmon berdi. Bu xususda harbiy vazir general-ad’yutant graf Chernishev o’zining general Perovskiyga yuborgan ko’rsatmasida 1839 yil 30 yanvarda imperator harbiy yurishni zudlik bilan amalga oshirilishini buyurganligini bayon etgan. Unda “harbiy yurishni o’tkazib rus hukumatini o’z maqsdini amalga oshirishdagi qat’iyligini hamda davlatning kuch-qudratini bukilmasligini namoyish etish” darkor deyilgan. Harbiy vazir ko’rsatmasida imperatorni harbiy yurishni yozda yoki kuzda Kaspiy dengizi yoki quruqlik orqali uyushtirishni yaxshilab o’rganish haqidagi fikrlari ham qayd qilingan. Shuningdek qo’shinni har jihatdan yaxshi qurollantirish va puxta tayyorgarlik ko’rish uqtirib o’tilgan.

Harbiy vazirning 1840 yil 17 martida hukumatga yozgan axborotida Xiva xonligiga qarshi yuboriladigan qo’shin bitta generalni, 140 ta ofitserni, 6669 ta askar xizmatchilarni o’z ichiga olishi kerak edi, hamda 300 kishilik ko’chma kasalxona tashkil etish rejalashtirildi. General Perovskiyning ta’kidlashicha, navbatdagi harbiy yurishni ko’lami 1830 yildagiga nisbatan 3-4 marotaba oshiq bo’ladi. Shuningdek 17000 tuya, 6000 ot va boshqa ko’p narsalar olinishi kerak edi. Shuning uchun ham general Perovskiy o’zining hukumatga yuborgan raportlarida harbiy yurishni tezlik bilan uyushtirishni iloji yo’qligini tushuntirishga harakat qildi. Birinchi harbiy yurish Orenburg guberniyasining xazinasiga katta putur yetkazganligi, kiyim-boshlarni, oziq-ovqatlarni yetishmasligi ta’kidlandi. Ayniqsa tuyalarni topish mushkulligi ko’rsatib o’tilgan. Umuman, general Perovskiy yangi harbiy yurishni tarafdori bo’lsa-da, lekin yuzaga kelgan og’ir sharoit uni tez orada amalga oshirish imkonini bermasligini hukumat vakillarini ishontirishga harakat qildi. Do’ppi tor kelganligi imperatorga ham ravshan bo’lgan bo’lsa kerakki, u harbiy vazirning 1840 yil 19 maydagi axborotiga ko’ra harbiy yurishni ma’lum vaqtgacha qoldirishi haqida farmon bergan. Shu tariqa Xiva xonligini bosib olishga qilingan ikkinchi harakat ro’yobga chiqmadi.

Harbiy yurish munosabati bilan Orenburgga Xiva xonligi haqida ma’lumot to’plandi. Bularga ko’ra xonlik yerlari Amudaryo, Orolning janubiy qirg’oqlaridagi va Ustyurtning janubi-sharqiy qismidagi vodiylarni o’z ichiga olgan. Uning shimoli Amudaryoning har yilgi toshishi orqasidan ko’p jabrlangan. Bu yerda ko’llar va zovurlar mavjud. Janubi qumtuproqli yerlar va kanallar bilan qoplangan. Xonlikda o’zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, asirlikka olingan ruslar va eronliklar yashaydilar, 30-40 ming atrofida qo’shin jamlash mumkin.

Xonlikda 16 ta to’p bo’lgan. Aholining soni yarim millionga boradi. Shaharda tom ma’nodagi harbiy istehkomlar bo’lmay, paxsa devorlar va zovurlar bilan qurshalgan. Xalq ustidagi soliqlar juda og’ir, ammo amaldorlarning ochko’zligi orqasida xon xazinasiga ko’p mablag’ tushmaydi. Xiva xoni Olloqulxon ojiz tabiatli kishi hisoblanib, atrofdagi kishilarning ta’siriga berilgan. Ukasi bilan chiqishmaydi. Uni Buxoro va Eron bilan aloqasi yomon, negaki ularga qarshi hujumlar qilgan. Shuni aytib o’tish lozimki, rus hukumati o’zining harbiy yurishlarini uyushtirishda va harbiy istehkomlarni barpo etishda karvon yo’llarini xavfsizligini ta’minlashni va o’zbek xonliklaridagi rus asirlarini ozod etishni hamisha ro’kach qilib kelgan. Bu masalalar 1717 va 1839 yillarda Xiva xonligiga qarshi harbiy yurishlar uyushtirilganda ham oldinga surilgan edi. U vaqtlarda turkmanlar, qalmoqlar va qoraqalpoqlarning qaroqchi guruhlari Rossiya chegalarida ruslarni asirlikka olib Xiva, Buxoro va xonliklarni boshqa shaharlarida sotar edilar. Ruslar turli xo’jalik ishlarida ishlatilgan. Ularning orasidan lashkarboshilar, jangchilar, elchilar va boshqa mas’uliyatli ishlarni bajaruvchi kishilar chiqqanligi ma’lumdir. Ammo ularning ko’pchiligi o’z ixtiyori bo’lmay qul kabi ishlatilgan.

Garchan, 1839 yilgi general Perovskiy boshchiligidagi harbiy yurish muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan bo’lsada, lekin Xiva xoni Olloqulixon uni yana qaytarilishi hamda savdoni rivojlantirish o’ta zarurligini anglab rus hukumatining rus asirlari bo’yicha da’vosini inobatga olish va aloqani yaxshilash maqsadida 1840 yilda maxsus farmon e’lon qildi. Bunda shunday deyilgan: “Biz Xorazm shohi jangovar askarlarni va zafarlarning bosh bo’gini barcha yovmut va chovdur qabilalariga, qozoq va qirg’iz botirlarga va boshliqlariga, umuman bizga sodiq barcha fuqarolarimizga shuni ma’lum qilamizki, shu 1840 yildan boshlab Umum Rusiya imperatori oliy xazratlari bilan tinchlik va do’stlikda yashashga qaror qildim. Shuning uchun biz mazkur oliy farmonimiz bo’yicha o’zimizni sodiq fuqarolarimizga bundan buyon Rossiya chegaralariga hujum qilmasinlar, rus asirlarini sotib olmasinlar, bunga bo’ysunmovchilar jazoga tortiladi”. Shunisi diqqatga sazovorki, Olloqulixon rus hukumatining rus asirlari haqida da’vosi “xonlikni bosib olish uchun bir bahona ekanligini” yaxshi anglagan. Ammo, u sir boy bermay ish yuritgan.

Shu mazmundagi xatni Xiva shahrini hokimi mulla Muhammad Sharif ham Orenburg general-gubernatori Perovskiy nomiga yo’llagan. Bunda Otaniyozxo’ja Rais boshchiligida ozod qilingan ruslar o’z vataniga qaytarilayotganligi bildirilgan.

1840 yil 18 oktabrda Xiva elchisi 418 kishidan iborat asirlikdagi ruslarni Orenburgga olib keldi. Shundan keyin u Peterburgga olib keldi. Shundan keyin u Peterburgga borib o’zaro tinchlik va savdo aloqalarini tiklash xususida ahd qilindi. Bu aloqalar 1839 yildagi harbiy yurish vaqtida rus hukumati tomonidan Orenburgda va Astraxanda o’zbek xivalik savdogarlarni ushlab qolishi orqasida ishdan chiqqan edi. Peterburgda Olloqulixon tomonidan rus asirlarini o’z vataniga qaytarilishi o’zaro savdo aloqalari yo’lga qo’yilishida ijobiy o’rin egalladi. 1841 yilni 13 yanvarida Xiva xonligi elchisi Eshboy Boboyev ham 5 ta rus asirlari bilan Orenburgga kelgan. Arxiv ma’lumotlarini ko’rsatilishicha o’z vataniga qaytgan ruslarning 317 tasi Kaspiy dengizi qirg’oqlarida, 55 tasi Orenburg liniyasida, 21 tasi Tsaritsinda asirlikka olingan.