Yashillar kimlar?

«Yashillar» (Ko’katparvarlar) — bu, bizni qurshab turgan olam — daryolar va havoning tozaligi, o’rmonlarning tabiiy ko’rkamligi, hayvonot va nabotot dunyosini, tuproq tarkibi va tabiiy landshaftlarni saqlab qolish uchun kuyinadigan odamlardir. Ular nafaqat biz yashab turgan muhitning musaffoligi va barqarorligi xususida tashvishlanadilar, qolaversa tegishlicha tadbirlar ham ko’radilar: piketlar, namoyishlar, konferentsiyalar uyushtirib, ularda tabiatni muhofaza qilish masalalarini o’rtaga tashlaydilar, tabiatni asrashga oid yanada mukammalroq qonunlar ishlab chiqishni talab qiladilar. Ular atrof muhitni kuzatib boradilar, ko’p hollarda tabiatning «o’zini his qilishi» bilan bog’liq bo’lgan hodisalar va jarayonlarni ilmiy nuqtai nazardan tadqiq etadilar. «Yashillar»ning o’z oldiga qo’ygan vazifalaridan biri — matbuot, radio va televideniye yordamida bunday tadqiqotlar natijasini aholi e’tiboriga yetkazish sanaladi. Ta’bir joiz bo’lsa, aytish mumkinki, o’zlari «yashillashgan» bu odamlar sayyora tabiati naqadar og’ir ahvolda ekanligi xususida hali bosh qotirib ko’rmaganlar sirasiga mansub kishilarni to’g’ri tarbiyalashga harakat qiladilar. Bundan tashqari, Yashillar — bu, tag’in o’z dasturlarida yuqorida zikr etib o’tilgan maqsadlar va vazifalarga ega bo’lgan siyosiy tashkilotlar va partiyalarning umumlashma nomlanishi hamdir. Oxirgi o’nyilliklarda «Yashillar» Yevropadagi qudratli siyosiy kuchga aylandilar. Ularning vakillari Yevropa davlatlarining milliy parlamentlarida yetarlicha katta miqdorda ishtirok etish asnosida ekologik jihatdan muhim masalalarni hal qilishga ta’sir o’tkazadilar. Germaniyadagi «Yashillar» partiyasi ana shunday nufuzli siyosiy uyushmalardan biri sanaladi. Rost, «yashilar»ning barcha tashkilotlari ham partiyalar sirasiga kirmaydi va siyosat bilan shug’ullanmaydi. Butun dunyoga tanilgan «Grinpis» (inglizchadan tarjima qilganda «yashil olam» ma’nosini anglatadi) partiyaviy tus berilmagan xalqaro tashkilot bo’lib, uning qat’iy va tinim bilmas xatti-harakatlariga qoyil qolmaslikning iloji yo’q. Darvoqe, nufuzli «Grinpis» navqiron uyushmadir. Uning ta’sis qurultoyi 1971 yili Kanadada bo’lib o’tgandi. Chorak asrdan sal oshiq davr mobaynida uning bo’limlari butun dunyoda, jumladan, AQShda, GFRda, Buyuk Britaniyada, Rossiyada, Avstraliyada vujudga keldi. «Grinpis» faoliyatining asosiy shakli — bu tashkilot a’zolari tomonidan tabiatning eng «qaynoq» nuqtalarida uyushtiriladigan osoyishta namoyishlardir. Binobarin, «Grinpis» Sibir taygalarida kedr daraxtlarini kesishni cheklash va batamom to’xtatish uchun, tinch ummoni sochmaorollarida yadroviy qurollar sinovini bekor qilish uchun, suyuq holdagi radioaktiv chiqitlarni dengizga oqizishni hamma joyda man qilish uchun, kit ovlashni butunlay man etish uchun kurashadi.