Zig’irak og’iz nega tukli arini kutadi?

Yoz kunlari butazorda o’tirib, atrofga diqqat bilan nazar tashlasangiz ko’p g’aroyib voqealar shohidi bo’lasiz. Ana, yirik pashsha vizillay-vizillay bir aylanib, gul tomon oshiqdi. Uni zig’irak deyish rasm bo’lgan, asl to’liq nomi esa zig’irak og’izdir. Tukli ari zig’irak yoniga uchib kelib, gul gultojini mahkam tutib turadigan egik quyi «lunji»ga qo’nadi, «lunj» darrov pastga osilib tushadi, gultojlar orasi yorilib, og’iz yo’li ochiladi. Tukli ari bamaylixotir gul ichiga surilib kiradi va tezda, orti bilan tisarilgancha upaga o’xshash och-sariq gulchangga belanib chiqadi. Tukli ari guldan uchib ketishi bilan «lunj» darrov yuqorisi bilan tutashadi. Bu manzara telefon-avtomatdagi jarayonni esga tushiradi: jeton yoki tangani tashlashingiz hamono telefon ishlab ketadi. Shunisi borki, jeton ham ma’lum shaklga ega bo’lishi lozim; boshqa narsa tashlasangiz, gaplasha olmaysiz. Zig’irak og’izda ham ana shunday hol ro’y beradi. U faqat tukli arining og’irligi bilan ochiladi. Boshqa hech qanday hayvon zig’irak og’iz ichiga kirolmaydi. Alqissa, zigirak og’iz o’z gulchangini faqat tukli ariga ishonadi.