TAKINA XOTUN

TAKINA XOTUN, Tegina begim. Tegina Mohbegim (taxminan 1318, Buxoro -1353, hozirgi Shahrisabz) — Amir Temurning onasi. Amir Muhammad Tarag’ayning xotini. O’rta asr manbalari, xususan, Fasih Havofiyning «Mujmali Fasihiy» asarida keltirilishicha, Takina xotun Buxoro ulamolarining peshvosi Mavlono Sadr ash-shari’a Ubaydullohal-Buxoriy ibn toj ash-shari’a Mahmud ibn Ahmad al-mahbubiy al-Buxoriyning qizi bo’lgan. Takina xotunning bobosi «Tojash-shari’a» («shariat toji»), otasi «Salr Ashshari’a» («Shariat ulug’i»), amakisi Mahmud «Burhon ash-shari’a» (shariat hujjati») kabi mo»tabar unvonlarga sazovor bo’lgan. Takina xotun 16 yoshida Kesh amiri Muhammad Tarag’aybekka uzatilgan (1334). Keyinchalik yaratilgan «Qissai Temur» («Malfuzoti Temuriy»), «Temur qissasi» va toshkentlik tarixchi Salohiddin Tosh-kandiyning «Temurnoma» (1908) asarida Takina xotun hayotiga oid ayrim ma’lumotlar mavjud. «Temurnoma»da bo’lajak sohibqiron Amir Temurning tavallud topish (1336 yil 9 aprelda) tafsilotlari taqdirning ilohiy hukmi sifatida tasvirlangan. Amir Temurning kelajakda buyuk inson bo’lib yetishuvida onasining hissasi katta bo’lgan. Takina xotun erining vafoti (1360) dan ancha avvat qazo qilgan (1353). Sohibqiron Amir Temur keyinchalik onasi va otasi dafn etilgan Keshdagi oilaviy xilxona ustida muhtasham maqbara qurdirgan. Amir Temur katta o’g’li Jahongir Mirzo 20 yoshida vafot etgach (1376), uni ota-onasining qabri yonida dafn etgan. Sohibqiron onasi xotirasiga atab, Keshda mashhur Oqsaroyni bunyod ettirgan va Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasini ta’mirlatgan. Ad.: Fasix Xavafi. Mudjmal-i fasixi., T., 1980; Temurnoma (Amir Temur Ko’ra-Gon jangnomasi]. T., 1990; Sharafiddin Ali Yazdiy., Zafarnoma, T.. 1997; Amir Temur Ko’ragon, Qissai Temur («Malfuzoti Temuriy»), T., 2000.