Yulduzlar qanday paydo bo’lgan?

Avvalo, yulduzlarning o’zi nima? Yulduz cho’g’ bo’lib qizigan gazlardan iborat katta shardir. Yulduzlar tarkibida katta miqdordagi vodorod bor va u asosiy energiya manbaidir. Yulduzlar tarkibida, shuningdek, geliy, azot, kislorod, temir, nikel va rux kabi boshqa kimyoviy elementlar ham bor. Yulduzlarning barcha elementlari gazsimon holatdadir.

Yulduzlar chang va gazlarning koinot bo’ylab haralat qilayotgan zich bulutlaridan hosil bo’ladi. O’sha bulutning ichidagi behisob gazsimon zarralar bir yerga to’plana borishi natijasida yulduz hosil bo’ladi. Aylanayotgan zarralar o’ziga boshqalarini ham birlashtirib oladi, u asta-sekin kattalasha boradi va tortish kuchi ham o’sadi. Zarralar katta gaz sharini tashkil qiladi.

Shar kattalashgani sayin zichlashadi va uning ichidagi bosim orta boradi. Nihoyat, bosim shunday bir darajaga yetib, gazning temperaturasi ko’tariladi va o’zidan yorug’lik chiqara boshlaydi. Sharning ichidagi bosim va temperatura juda yuqori darajaga yetgandan so’ng termoyadro reaksiyalari yuz bera boshlaydi. Gazlar yulduzlarga aylanadi. Buning uchun qancha vaqt kerak bo’ladi? Millionlab yillar kerak bo’lsa ajab emas.

Agar yulduz hosil bo’lishi uchun katta miqdordagi modda bir joyga yig’ilsa, o’sha yulduz katta, yorqin va issiq bo’ladi. Agar u issiq yulduz bo’lsa, uning termoyadro yonilg’isi 100 000 000 yil yorug’lik chiqarishga yetadi. Agar yulduz oz miqdordagi moddadan hosil bo’lsa, u kichik, xira va sovuq bo’ladi. Uning yonilg’isi juda sekinlik bilan yona boradi va u milliardlab yillar yorug’lik taratishi mumkin. Bizning Quyosh o’rtacha kattalikdagi yulduzdir. U Yerga nisbatan 1300 000 marta kattadir.