AFRIG’IYLAR MADANIYATI
AFRIG’IYLAR MADANIYATI – Xorazmdagi 4-8-asrlarga oid madaniyat, afrig’iylar sulolasi nomi bilan bog’liq. Afrig’iylar madaniyatiga oid yodgorliklar 1937-40 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspedisiyasi tomonidan o’rganilgan. Afrig’iylar madaniyati shakllanishida qo’shni ko’chmanchi qabilalar muhim rol o’ynagan. Bu davrda antik hunarmandchilik markazi — qadimgi shaharlar inqirozga uchrab, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot qishloqda, mulkdorlarning qo’rg’oni va qasrlari atrofida jonlangan. Burgut qal’a vohasida olib borilgan qazishmalar vaqtida sertarmoq sug’orish kanali va ariqlar, dalalarning rejali joylashuvi aniqlangan. Katta-kichik turar joylar to’p-to’p joylashgan, katta yer egalarining qasrlari kanallar boshida bo’lib, ular suv taqsimotini nazorat qilib turganlar. Xorazmda bu davr istehkomlari asosan paxsadan to’rtburchak tarxda qurilgan, devori Burjlar bilan mustahkamlangan, davra yoki to’rtburchak tarhli (so’nggi mudofaa minorasi) bo’lgan. Yirik qal’alar (yakka Porson, Qum qal’a, uy qal’a, teshik qala) mudofaa istehkomlariga ega bo’lgan. Eng yirik istehkom — Burgut qal’a (maydoni 6 ga dan oshiq) atrofida shahar vujudga kela boshlagan. Turar joylar daxliz, asosiy va yordamchi xo’jalik xonalaridan iborat bo’lgan. Imoratlarning tarhi, qiyofasi aholining ijtimoiy mavqeiga bog’liq bo’lganligi aniqlandi. Xarobalardan mis tangalar, jez, qo’lda va charxda yasalgan sopol idishlar (xum, ko’zacha) siniqlari, bezak buyumlari, temirdan yasalgan dehqonchilik va hunarmandchilik qurollari (ketmon, o’roq, pichoq va boshqalar), shoyi, ip, jun gazlama parchalari, uch parrakli temir paykonlar, xanjarlar, yorg’uchoqlar, tegirmon toshlari, yozma yodgorliklar topilgan. Marhumlarni ostodon (sopol tobut) larda ko’mish rasm bo’lgan. Tarixiy manbalarda 8-asrga oid Kat, Hazorasp, Urganch shahri eslatib o’tilgan. Ad.: Tolstov S. P., Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Nerazik E. E., Selskie poseleniya afrigidskogo Xorezma, M., 1966; Nerazik E. E., Selskoe jilitshe v Xorezme (I—XIV vv.), Trudi Xorezmskoy arxeologo-etnograficheskoy ekspedisii, t. IX, M., 1976.