AFRIKA-OSIYO G’O’ZASI

AFRIKA-OSIYO G’O’ZASI, o’t g’o’za (Gossypium herbaceum L.) — madaniy g’o’za turi. Birinchi marta K. Linney ta’riflab bergan (1753). Qadimdan va o’rta asrlarda Afrika-Osiyo g’o’zasi G’arbiy Afrikaning Atlantika okeani sohillaridan Xitoyning shimoliy viloyatlarigacha tarqalgan. O’zbekistonda 19-asr oxirigacha asosan Afrika-Osiyo g’o’zasi populyatsiyalari ekilgan. Afrika-Osiyo g’o’zasi o’rtacha buta, tuklar bilan qoplangan (goho tuksiz bo’ladi). O’suv shoxlari uzun; hosil shoxlari 4-5 bo’g’imli. Barglari o’rtacha kattalikda, och yashildan qizg’ishgacha, 3-7 bo’lakli. Gullari o’rtacha kattalikda, gulbarglari sariq. Ko’saklari 3-4 chanoqdi. Tolasi kalta, dag’al, oq yoki qo’ng’ir, tolasining uzunligi 15 millimetrdan 25 millimetrgacha. O’sish sharoiti turlicha bo’lishi tufayli Afrika-Osiyo g’o’zasi keng polimorfizmga ega. Afrika-Osiyo g’o’zasining barcha formalari F. M. Mauer sistemasi bo’yicha to’rtta evolyutsion guruhga bo’linadi: qadimgi yovvoyi xillar; ko’p yillik ruderal va madaniy xillar; juda madaniylashgan, nisbatan tezpishar tropik xillar; tezpishar, hosil shoxli subtropik xillar. Afrika-Osiyo g’o’zasi paxtasining tola uzunligi va texnologik ko’rsatkichlari bo’yicha o’rta tolali g’o’zalar tolasidan past turadi. Ulardan quyi nomerli iplar yigiriladi, og’ir, shu jumladan issiq gazlamalar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ad.: Mauer F. M., G’o’za, 1-t., T., 1957; Ter-Avanesyan D. V., Xlopchatnik, L., 1973.