BELGOROD-DNESTROVSKIY

BELGOROD-DNESTROVSKIY (1918 yilgacha va 1940 — 44 yillarda Akkerman) — Ukrainaning Odessa viloyatidagi shahar. Dnestr limanidagi port, qora dengizdan 20 kilometr. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 57 ming kishi (1999). Belgorod-Dnestrovskiy yunonlarning qadimgi Tira shahri o’rnida 9-asrda vujudga kelgan. 14-asrda mo’g’ullar egallagan va shaharni oq-Libo deb atagan. 14-asrda genuyaliklarning Monkastro koloniyasi, 15-asrda Moldaviya knyazligi tarkibida bo’lib Chetatyaalba deb atalgan, 1484 yildan turklarga qarashli qal’a, 1812 yilda Rossiya imperiyasiga qo’shib olingan, 1918 — 40 yillarda Ruminiya tarkibida (Chetatyaalbe) bo’lgan. Belgorod-Dnestrovskiyda go’sht-sut, baliq-konserva. uzum vinosi, un, tibbiy buyumlar, tibbiy asboblar zavodlari, karton, mebel, tikuvchilik fabrikalari, qurilish materiallari kombinati, baliq sanoati texnikumi, qishloq xo’jalik texnikumi, tibbiyot va pedagogika bilim yurtlari, o’lkashunoslik muzeyi bor.