Xalqaro xotin-qizlar kuni tarixini bilasizmi?
Insoniyat tarixida qadim davrlardan buyon ayollarga alohida hurmat va ehtirom ko’rsatib kelingan. Chunki, ayollar nafaqat hayotimiz gultoji, balki ertangi kunimiz davomchilari, kelajak avlodning yaratuvchilaridir.
Qadimgi Rimda «Ayollar kuni» deb nomlangan bayram bo’lgan. E’tiborli rim erkaklari shu kuni ayollarini uy yumushlaridan ozod etishgan, ular istagan narsani sovg’a qilishgan.
XIX asr o’rtalarida asos solingan hamda bugungi kunda dunyoning ko’plab mamlakatlarida bayram sifatida keng nishonlanayotgan “Xalqaro xotin-qizlar kuni» ayollarga ehtirom, haq-huquqlari himoyasi, ularga bo’lgan g’amxo’rlik va e’tiborning yorqin ifodasidir.
Xalqaro xotin-qizlar kuni tarixi XIX asrning oxirlariga borib taqaladi. Mazkur bayram xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va maishiy sohalardagi huquqlarini himoya qilish borasida erishilgan eng katta natija sifatida tarix solnomalaridan o’rin olgan. 1857 yil 8 martda Nyu-Yorkdagi to’quvchilik va poyabzal korxonalarida ishlovchi xotin-qizlar namoyishga chiqadi. Ular 10 soatlik ish kunini joriy etish, ish sharoitlarini yaxshilash, oylik ish haqini ko’tarish va erkaklar bilan ayollar huquqlarini tenglashtirish singari talablarni ko’tarishgan edi. Ushbu namoyish natijasida xotin-qizlarning ma’lum talablari qondiriladi. Shu tariqa, keyingi qator yillar davomida 8 mart kuni namoyish va aksiyalar o’tkaziladigan bo’ldi.
1908 yil 8 martda AQShlik ayollar saylovda qatnashish, bolalar mehnatini ta’qiqlash va boshqa bir qator talablar bilan birga fevral oyining so’nggi yakshanbasini «Milliy ayollar kuni» deb e’lon qilinishini talab etdilar. Oradan ikki yil o’tib, 1910 yil Daniya poytaxti Kopengagenda bo’lib o’tgan xotin-qizlarning II Xalqaro konferensiyasida 8 martni – Xalqaro xotin-qizlar kuni, deb e’lon qilish va ushbu kunni har yili dunyo miqyosida bayram qilish tashabbusi ilgari surildi.
Jahondagi ko’plab mamlakat ayollari qashshoqlikka qarshi kurashish, tenglik, yaxshi sharoitlarda ishlash, o’zlarining sha’ni va huquqlarini himoya qilishga erishish hamda tinchlik yo’lidagi tashabbusni qo’llab-quvvatladilar. 1911 yilga kelib Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveysariya singari yevropa davlatlarida 8 mart bayram sifatida nishonlandi.
Bugungi kunga kelib, 8 mart Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro xotin-qizlar kuni, deb e’lon qilingan. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida ushbu kun ayollar bayrami, qator davlatlarda esa umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi.
Yurtimizda muhtarama opa-singillarimiz bayrami umumxalq bayrami sifatida sharqona urf-odatlar, xalqimizning milliy qadriyat va an’analari asosida nishonlanadi. Bayram munosabati bilan xotin-qizlarga yuksak hurmat va ehtirom ko’rsatiladi.
Manba: @Tafakkur3