Vinochilik

Vinochilik — uzum va boshqa mevalar sharbatini turpsiz yoki turpi bilan bijg’itib vino tayyorlash. O’zbekistonda vino oq kishmish, Baxtiyoriy, bihishti, Buvaki, Doroyi, Sultoniy (Jaus), Soyaki, toyfi, Husayni, Vassarg’a, Tagobi, Nimrang, Parkent, Kattaqo’rg’on kabi mahalliy navlardan; bayan shirey, Venger Muskata, Oporto, Risling, Rkasitelli, Sersial, Aleatiko, Kaberne, Pino, Morastel, Murvedr, pushti muskat, saperavi, Tavkveri kabi Yevropa uzum navlardan tayyorlanadi. O’zbekiston Respublikasida 60 dan ziyod xil vino chiqariladi, ulardan ko’pchiligi xalqaro ko’rgazmalarda medallar bilan taqdirlangan. Oq vino (musallas), asosan oq uzumdan, shuningdek sharbati rangsiz bo’ladigan har xil tusdagi uzumdan tayyorlanadi. Uzum texnik pishiqlik davrida (uzum tarkibidagi qandning miqdori ma’lum darajada yetganda) uziladi, maxsus mashinada eziladi, keyin meva pusti hamda urug’idagi rang vinoga chiqmasligi uchun ezilgan uzum sharbati tezda presslanib, turpidan ajratiladi, nasos yordamida Chan va boshqa idishlarga quyilib, 12-24 soat tindiriladi va achib qolmasligi uchun 1 GL ga 8-15 g hisobidan sulfat kislota qo’shiladi, keyin bijg’itish uchun bochka, temir-beton rezervuar va metall tsisternalarga o’tkazilib, bijg’itish achitqisidan 2% qo’shiladi. 18— 25° da 2-3 haftada vino tayyor bo’ladi. Tiniq qismi boshqa idishlarga quyilib, omborlarda saklanadi. O’zbekistonda tayyorlanadigan ovqat ustida ichiladigan oq vinolar: “Namangan sadafi”, “bayan shirey”, “Oqtosh” va boshqalar. Qizil vino (musallas) faqat qizil va qora uzum navlaridan tayyorlanadi. Qizil vino tayyorlashda uzum sharbati turpi bilan bijg’itiladi. Bunda meva po’sti hamda urug’i tarkibidagi bo’yovchi, oshlovchi va mineral moddalar erib, vinoga rang kiritadi. Uzum turpi aralash sharbatga 2% achitqi qo’shib, 27-30° da 5-6 kun bijg’itiladi. Keyin vino boshqa idishlarga quyilib, omborlarda toza yetilguncha saqlanadi. O’zbekistonda tayyorlanadigan ovqat ustida ichiladigan qizil vinolar: “Sijjak”, “Gulbuloq”, “Vassarg’a”, “Kaberne”, “qora go’zal” va boshqalar. Kuchli va desert (shirin) va likyor vinolar etilib pishgan serqand uzum (Buvaki, Aleatiko, Vassarg’a, Saperavi, Morastel) navlaridan tayyorlanadi. Ularni tayyorlashda oq va qizil musallas vinolarini olish usullari hamda asbob-uskunalaridan foydalaniladi. Bunda ezilib, meva bandlaridan ajratilgan uzum massasi presslanguncha chanlarda tindirilib, isitiladi va spirt qo’shib kuchaytiriladi. Natijada meva po’sti hamda urug’i tarkibidagi xushbo’y hid va rang beradigan moddalar vinoga o’tadi, vinoga alohida maza kiradi, spirt ko’shilsa vino kuchi ortadi. O’zbekistonda tayyorlanadigan kuchli va desert (shirin) vinolar: “Farhod”, “Portveyn”, “O’zbekistan”, “Chashma”, “Shohrud”, “Shirin” va boshqalar. Shampan vinosi eng yaxshi uzum navlaridan, O’zbekistonda, asosan, bayan shirey, Rkasitelli, Kaberne va Rislingdan tayyorlanadi. Bularning tarkibida 17— 20% kand, 8-11% kislota bor. Yangi uzilgan uzum 4 soatdan kechiktirmay ezilib, meva bandlaridan ajratiladi, keyin presslanib sharbati ajratib olinadi. Sharbat past (10-12°) temperatuada 14-16 soat yoki 25-30°da 18-24 soat tindiriladi, rangini tiniq qilish uchun har 1 dal sharbatga 2-3 g bentonit qo’shiladi. Tindirilgan sharbat quyqasidan ajratilib, bijg’itish idishlariga o’tkaziladi. Bijg’itishda temperatura 14-18° bo’lishi kerak. Bijg’itish tugashi bilan (qandi 0,2% dan ortiq qolmaganda) sharbat boshqa idishlarga quyiladi. Tayyor vino 10— 15 ming dal dan qilib, shampan zavodiga yuboriladi. Shampan zavodlarida vino materiallarga qand va bijg’itish uchun toza achitqi qo’shib, maxsus shisha idishlarga quyiladi. Germetik berk shisha idishlarda bijg’itilgan shampan vinosi karbonat angidridga to’yinadi. Shuningdek, shampan vinosi germetik yopiladigan metall idishlarda, rezervuarlarda ham tayyorlanadi. O’zbekistonda tayyorlanadigan shampan vinolari: “O’zbekiston shampani”, “Durdona”, “Navro’z”, “Gulshan” va boshqalar. Vinolar belgilangan kondisiyada bo’lishi (raso etilishi) uchun yana idishdan idish ga quyilib, quyqasidan ajratiladi, bir turdagi vinolar aralashtiriladi. Bir necha xil vinolar bir-biriga qo’shilib, sifatli vino olinadi. Vinoni quyqadan tozalash uchun filtrdan o’tkaziladi. Meva va rezavor meva vinosi. Bu vino meva va rezavor meva shirasini spirtli bijg’itish yo’li bilan olinadi. U ko’pincha spirt, qand moddasi, ayrim paytlarda (kislotaliligini oshirish uchun) ichimlik suv qo’shib bijg’itiladi. Meva rezavor meva shirasidan musallas, kuchli, shirin, xushbo’y, asalli va mevali vinolar tayyorlanadi. Musallas vinoda qand moddasi deyarli bo’lmaydi, spirti esa 10-13%. Kuchli vino tarkibida 16-18% spirt, 7-10% qand moddasi bo’ladi. Shirin vino tarkibida 16% spirt, 10-16% qand moddasi bo’ladi. Xushbo’y vinoga xushbo’y o’t va ildiz shiralari, dorivor qo’shiladi; tarkibida 16-18% spirt, 8-16% qand moddasi bo’ladi. Asalli vino — meva va rezavor meva shirasiga qo’shiladigan qandni kamaytirib, uning o’rniga asal solib tayyorlanadi. Tayyor bo’lgan vinodan yangi asal hidi kelib turadi. Tarkibida 14— 16% spirt va 30% gacha qand moddasi bo’ladi. Mevali vino (tarkibida 17% spirt, 7% qand moddasi bo’ladi) tayyorlashda, xushbo’y vino singari, meva va rezavor meva, meva qoqi, uzum va shampan Vinolari chiqitlari qo’shiladi. Keyingi yillarda vinoni mikrobiologik va kimyo-texnologiya jihatidan nazorat qilish sohasida katta ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Vinochilik masalalari O’zbekistonda akademik P.P. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik institutida, shuningdek Toshkent agrar universiteti, Toshkent texnika universiteti, Samarqand qishloq xo’jaligi instituti va boshqa oliy o’quv yurtlarining maxsus kafedralarida o’rganiladi. Oliy ma’lumotli mutaxassislar asosan Toshkent texnika universiteti va Toshkent agrar universitetida, o’rta ma’lumotli mutaxassislar R. Musamuhamedov nomidagi meva va sabzavotchilik kollejida tayyorlanadi. Olim Alimov.