Payg’ambar

Payg’ambar (forscha — xabar keltiruvchi) — iudaizm, xristianlik va islomda Xudodan vahiy olgan va uni odamlarga yetkazadigan shaxs. Xudo bilan uning bandalari o’rtasidagi vositachi, Xudoning yerdagi vakili, elchisi hisoblanadi. Payg’ambarlar kelajakni biladigan, diniy va tarixiy voqealarni, biror odamning taqdirini oldindan aytib beradigan shaxs sifatida tasavvur qilinadi. Islomga ko’ra, Payg’ambar bilan Alloh o’rtasida elchilik qiluvchi farishta — Jabroildir. Ba’zida Alloh Payg’ambarga bevosita vahiy yuborishi, u bilan gaplashishi ham mumkin. Payg’ambarlarning adadi Qur’on, hadis va tarixiy Kitoblarda qat’iy ko’rsatilmagan. Ba’zi manbalarda ular 124 mingta deyilgan. Qur’onda Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub, Yusuf, Lut, Ayyub, Zulkifl, Yunus, Muso, Horun, Shuayb, Ilyos, Alyasa, Dovud, Sulaymon, Zakariyo, Yahyo, Iso va Muhammad (as) kabi Payg’ambarlarning nomi zikr etilgan. Aksariyat Payg’ambarlarning nomi Tavrot va Injilda ham qayd etilgan. Payg’ambarlarning birinchisi Odam (as), oxirgisi Muhammad (as) sanaladi. Payg’ambarlar har qanday gunohlardan pok hisoblanadilar. Ad.: Payg’ambarlar qissasi, T., 1993; Hazrati payg’ambar hayoti, T., 1997.