Vitamin sanoati
Vitamin sanoati – tibbiyot sanoati tarmog’i; sintetik vitaminlar, kofermentlar va ularning preparatlari (draje, tabletka, kapsula, ampula, g’o’lak, kontsentrat va boshqalar) hamda o’simliklar va hayvonlardan olingan xom ashyodan vitaminli preparatlar ishlab chiqaradi. Vitaminlar oziq-ovqat mahsulotlarining ozuqalik qimmatini oshiradi, davolash amaliyotida, shuningdek chorvachilikning mahsuldorligini ko’tarish maqsadlarida yem-xashakni vitamin bilan boyitishda qo’llaniladi. Sobiq Ittifoqda vitamin ishlab chiqarish 20-asrning 30-yillari boshlarida vujudga kelgan. Dastlab tabiiy xom ashyodan vitaminli preparatlar olish o’zlashtirildi. Keyinchalik S va K3 vitaminlarini sintetik yo’l bilan ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 1949 yildan Ittifoq olimlari ishlab chiqqan texnologiya asosida sanoat miqyosida boshqa vitaminlarni ham sintez yo’li bilan olish o’zlashtirildi (masalan, tiamin — V, Vitamini). 1955 yilda ma’lum bo’lgan barcha asosiy vitaminlarning sintezlash sxemasi ishlab chiqildi. Vitamin sanoatining keying taraqqiyoti vitamin ishlab chiqarishning sintetik usullarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etish bilan bog’liq bo’ldi. Texnologik jarayonlarning xarakteriga ko’ra bu usullar tabiiy mahsulotdan vitamin olishga qaraganda ancha murakkab bo’lsada, vitaminlarni kimyoviy sof holda olish imkoniyatini beradi. Bu esa davolash amaliyotida ularni qo’llash va chorva kontsentratlarini tayyorlashda vitaminlarni aniq miqdorlarda qo’shishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, sun’iy (sintez) usulda vitamin olish xarajatlari tabiiy xom ashyodan vitamin olish xarajatlaridan ancha kam bo’ladi. Vitamin ishlab chiqaruvchi kombinat va zavodlar — ixtisoslashtirilgan korxonalar hisoblanadi. 90-yillar boshiga qadar O’zbekistonga tibbiyot maqsadlari va chorvachilik ehtiyojlari uchun vitaminlar hamda vitamin kontsentratlari asosan chetdan keltirilgan. O’zbekistonda Toshkent kimyo-farmatsevtika zavodida 6 turdagi vitaminlar (V guruhi vitaminlari, askorutin, askorbin kislota), “Surxon Ajanta” qo’shma korxonasida V guruhi vitaminlari ishlab chiqariladi (2000). Rivojlangan mamlakatlarda — AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Shveytsariya, shuningdek Polsha, Ruminiya, Vengriya, Bolgariyada Vitamin sanoati yaxshi rivojlangan. Mazkur davlatlarda vitamin ishlab chiqarish bilan kimyo-farmatsevtika firmalari shug’ullanadi.