Virunga
Virunga — Sharqiy Afrikadagi hozirgi zamon vulkanizmi oblasti, Kivu ko’lidan shim.ga tomon yo’nalgan tektonik botikda joylashgan. 8 ta yirik va ko’plab (400 dan ortiq) mayda harakatdagi va so’ngan vulkanlar guruhi. Virunga vulkanik maydoni bazalt va leytsitli lavalardan tuzilgan bo’lib, 1800 metr va undan ortiq balandlikda. Eng baland joyi — Karisimbi so’ngan vulkani (4507 metr); G’arbdagi Niragongo (3470 metr) va Nyamlagira (3056 metr) vulkanlari faol harakatda. 2300-2500 metr balandlikkacha doim yashil sernam ekvatorial o’rmonlar, butazorlardan iborat; undan yuqorisi lavali maydonlar. Virunga milliy parki: fauna rezervati bor. Faunasi tarkibida — tog’ gorillalari, shimpanze, fil, qoplonlar, begemot, shuningdek boshqa tuyoqli hayvonlar uchraydi. Tog’ gorillalari qo’riqxonasi bor.