Vitebsk viloyati

Vitebsk viloyati – Belorussiyaning shimoli-sharqidagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tuzilgan. Vitebsk viloyatida 19 shahar va 26 shaharcha bor. Maydoni 40,1 ming km2. Aholisi 1434,7 ming kishi (1999), asosan beloruslar, shuningdek rus, ukrain, polyak, yahudiy va boshqalar ham yashaydi markazi — Vitebsk shahri. Yer yuzasi asosan tekislik, qator tepalar va ular orasida botqoqlashgan pastliklar ko’p. Vitebsk viloyatining shimolda Polosk pasttekisligi, Ulla daryosi bo’ylab Chashniki, shimoli-Sharqda Suraj pastliklari, Janubda va Sharqda Orsha (262 metr), Vitebsk (296 metr) qirlari bor. Foydali qazilmalari: torf, gil, oyna qumlari, dolomit, ohaktosh, shifobaxsh balchiq va mineral buloklar. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -7,5°. Yiliga 550— 600 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 177-185 kun. Yirik daryolari: G’arbiy Dvina va Dnepr hamda ularning irmoqlari. Tuprog’i, asosan, chimli podzol tuproq. Hududining 1/3 qismi o’rmon. Mayd.ning 12% o’tloq, 8% botqoqlik. To’qimachilik-trikotaj, mashinasozlik, kimyo, yoqilg’i va oziq-ovqat sanoati ustun turadi. Stanoksozlik, asbobsozlik, elektr va radiotexnika, neftni qayta ishlash kabi ko’pgina yangi sanoat tarmoqlari barpo etilgan. Mashinasozlikning muhim markazlari: Vitebsk (stanoksozlik, Daryo kemasozligi) va Orsha (stanoksozlik, yengil mashinasozlik, Lokomotiv va vagon tuzatish zavodlari). Kimyo sanoati ham rivojlangan. Poloskda neftni qayta ishlash zavodi bor. Bu korxona asosida kimyo majmuasi barpo etilgan. Obolda biokimyo fabrikasi qurilgan. Vitebsk viloyati Belorussiyaning muhim yengil sanoat rayonidir. Viloyatda Belorussiya zig’irtola zavodlarining 1/3 qismi joylashgan. Gilam to’qish korxonalari ham barpo etilgan (Vitebsk). Tikuvchilik, charm poyabzal, shisha tola korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Uysozlik, ohak materiallari kombinatlari, silikat g’isht, yog’ochsozlik va mebel ishlab chiqarish, qog’oz, go’sht, sut, konserva, un tortish, makaron, spirt-araq korxonalari mavjud. Vitebsk viloyatida sut-go’sht chorvachiligi yetakchi o’rinda. Zig’ir va kartoshka yetishtiriladi. Shuningdek g’alla, yem- xashak, sabzavot-poliz ekinlari ekiladi. Qoramol, cho’chqa, qo’y, parranda boqiladi. Daryo va ko’llardan baliq ovlanadi. Temir yo’l va avtomobil yo’llari asosiy transport turi. Vitebsk viloyati hududini Sankt-Peterburg — Kiev, Moskva — Brest, Nevel — Polosk — Molodechno temir yo’l magistrallari kesib o’tgan. G’arbiy Dvina va Dnepr daryolarida kema qatnaydi. Vitebsk viloyatida 5 oliy o’quv yurti, drama teatri, 11 muzey bor.