Videoyozuv
Videoyozuv — televizion, radiolokatsion va boshqa tasvir hamda tovush signallarini magnit lentaga, diskka yoki kinolentaga yozib olish va qayta ko’rsatish hamda eshittirish. Teleko’rsatuvlar, videofilmlar, hujjatli va badiiy dasturlarni saqlab qo’yish va zarur paytlarda tovushli qilib qayta ko’rsatishga imkon beradi. Videoyozuvdan o’quv maqsadlarida ham keng foydalaniladi. Videoyozuvni videomagnitofon orqali amalga oshirishning signallarni kinolentaga yozib olishdan ancha afzalligi bor, chunki unda plyonkaga ishlov berish, bosib chiqarish va montaj qilishdek murakkab jarayonlarga ehtiyoj bo’lmaydi. Videomagnitofonda dasturni to’liq, qisman, u yer, bu yeridan ko’rsataverish mumkin. Bir lentaning o’ziga bir necha marta qayta Videoyozuvni amalga oshirish mumkin. Hujjatli teledasturlar (reportaj, intervyu, suhbat va boshqalar) ni tayyorlashda Videoyozuv tomoshabinda “o’zi ham ishtirok etish” taassurotyni hosil qiladi. Videoyozuv yordamida “zamon va makon” muammosi ijobiy hal etiladi, chunki u vaqt ham “tanlamaydi”, joyni ham “pisand qilmaydi”, ya’ni Videoyozuvni hamma vaqg, hamma yerda qo’llash mumkin.