Vinnisa

Vinnisa — Ukrainadagi shahar, Vinnisa viloyatining markazi. Janubiy Bug daryosi bo’yida. Temir yo’l tuguni. Aholisi 381 ming kishi (1999). Shahar birinchi marta 1363 yildan tilga olingan. Ukrainaning yirik sanoat va madaniyat markazlaridan. Vinnisada oziq-ovqat (yog’-moy, meva konserva va go’sht), yengil (poyabzal, tikuvchilik, trikotaj, attorlik fabrikalari va boshqalar), kimyo (kimyo kombinati), mashinasozlik (shu jumladan traktor agregatlari, asbobsozlik, elektrotexnika, radiotexnika apparaturalari, podshipnik zavodlari) va metallsozlik sanoatlari rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. 3 oliy o’quv yurti, musiqa, tibbiyot bilim yurtlari, 3 muzey, musiqali drama teatri, qo’g’irchoq teatri va filarmoniya ishlab turibdi. 1793 yildan Rossiya imperiyasi qo’l ostida bo’lib kelgan. Iezuit (17-asr), Dominikan (18-asr) va kapusin (18-asr) ibodatxonalari, Yurev (18-asr) va Nikolayev (18-asr) yog’och cherkovlari saqlangan.