Vitaminli ozuqalar
Vitaminli ozuqalar – o’simlik bilan hayvon chiqindilaridan tayyorlanadigan servitamin ozuqa, aralash yem. Vitaminlarning yetishmasligi hayvonlar organizmida gipovitaminoz kasalliklarini keltirib chiqaradi. Yosh, bo’g’oz va sog’iladigan mollarda ayniqsa vitaminlarga talab katta bo’ladi. Ayrim vitaminlar hayvon organizmining o’zida, masalan, A vitamini karotindan, D vitamini sterindan sintezlanadi. Kovsh qaytaruvchi hayvonlarning me’da yo’lidagi mikroflora ta’sirida S, K, V guruhidagi vitaminlar vujudga keladi. Pekin hayvonlar ratsionida vitaminga boy ozuqalarning bo’lishi muhim ahamiyatga ega. Hayvon o’zining organizmi uchun muhim bo’lgan vitamin A ni karotinga boy yashil o’tdan oladi. Karotin dukkakli o’tlar (beda, qashqarbeda va boshqalar) da ko’p. Bularning 1 kilogrammida 30-100 mg; 1 kilogramm silosda 20-40 mg, 1 kilogramm oddiy pichan unida 110-250 mg karotin bor. Baliq unida ham vitamin A ko’p. D guruhi vitaminlari yashil o’tda yo’q, ammo oftobda quritilgan pichanda ultrabinafsha nur ta’sirida vitamin D2 paydo bo’ladi. Vitamin S ni ko’proq yosh o’simlik ko’katida (1 kilogramm ko’k bedada 900 mg), ildizmevalarda (1 kilogramm sabzida 380 mg) bo’ladi. Dukkakli o’tlar, bug’doy kepagi vitamin E ga boy. Vitamin K o’simlikning yashil barglarida, sifatli pichan va silosda, ildizmevali o’simlik barglarida ko’p (1 kilogramm ko’k bedada 90 mg). V guruhi Vitaminlari ko’pchilik o’simlik va hayvonot chiqindilaridan olinadigan ozuqalarda bo’ladi. Qishda ozuqa ratsionini Vitaminlar bilan boyitish maqsadida donni maxsus muhitda o’stirib, ko’katidan foydalaniladi. Vitaminli ozuqa qo’shimchalarning bir qancha turlari sanoat usulida ishlab chiqariladi.