Videofilm

Videofilm — videomagnit lentasi (tasmasi)ga (kinoplyonkaga emas) yozilgan film. Badiiy, ilmiy-ommabop, hujjatli-publisistik, xronikal va boshqa turlari mavjud. Garchand kinofilmga oid xususiyatlarni o’z ichiga olsada, estetik va texnologik ishlab chiqarish jihati bilan undan farq qiladi. Masalan, suratga olishning ko’p kamerali uslubini qo’llash; elektronli montaj qilish; har qanday murakkab kadr olishga imkon beruvchi o’ziga xos ustunligi; magnit tasmasiga o’chirib bir necha bor qayta yozish mumkinligi va boshqalar. Videofilm 20-asrning 50-yillari Yevropa televideniyesida paydo bo’lib, keyinchalik keng tarqalgan. O’zbekistonga Videofilm 70-yillar kirib keldi. Ilk bor ko’p qismli Videofilm (“Ulug’bek xazinasi”) 1972 yil namoyish kilingan. Keyinchalik “diyonat”, “girdob”, “Alisher Navoiy”, “Bobur”, “kecha va kunduz”, “So’nggi o’q”, “ko’ngil ko’chalari”, “domla”: “Charxpalak”, “Shaytanat” kabi Videofilmlar ko’rsatildi. Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan “Buyuk Amir Temur” badiiy filmi bilan bir katorda 6 qismli badiiy, turkum xujjatli va ilmiy-ommabop Videofilmlar yaratildi. Shuningdek, Gyote, Bayron, Stendal kabi mumtoz adabiyot vakillarining asarlari ham Videofilm sifatida ko’rsatildi. O’zbekistonda rejissyorlardan H. Aliyev, H. Qahramonov, M. Mirzaahmedov, M. Mahkamov, M. Muhamedov, Yu. Roziqov Videofilmlari mashhur. Anvar Yoqubxo’jayev.