Vizantiyashunoslik, Vizantistika
Vizantiyashunoslik, Vizantistika — Vizantiyaning tarixi, Hukuqi, tili va madaniy merosini (adabiyoti, falsafasi, san’ati va boshqalar) o’rganuvchi gumanitar fanlar majmui. Vizantiyashunoslik alohida bilim tarmog’i sifatida 19- asr 2-yarmida, fanda “Vizantiya” termini qaror topgan chog’da shakllandi. Lekin Vizantiyashunoslikning ildizlari chuqur bo’lib, u uzoq o’tmishga borib taqaladi. Vizantiyadan tashqarida uning madaniyati va tarixiga qiziqish ilk o’rta asrlardayoq tarixiy taqdirlari Vizantiya imperiyasi bilan chambarchas bog’liq bo’lgan Armaniston, Gruziya, Janubiy slavyan mamlakatlari va qadimgi Rusda namoyon bo’lgan. G’arbiy Yevropada Vizantiyaga bo’lgan e’tibor Uyg’onish davri (15-16-asrlar) da, ayniqsa Usmonli turklar 1453 yil Konstantinopolni egallab, Yevropadagi boshqa davlatlarga xavf sola boshlaganlaridan so’ng kuchaygan. Masalan, 17— 18-asrlarda Frantsiyada Vizantiyashunoslikga qirol saroyi homiylik qilib, undan siyosiy maqsadlarda foydalanganlar: Vizantiya markazlashgan monarxiyaning namunasi sifatida tasvirlangan. Sh. Dyukanj, P. Lemerl (Frantsiya), E. Gibbon (Buyuk Britaniya), K. Krumbaxer (Germaniya), V. G. Vasilevskiy, M. V. Levchenko, E. A. Kosminskiy (Rossiya), A. Greguar (Belgiya), G. A. Ostrogorskiy (Yugoslaviya), M. Meyendorf (AQSh) va boshqalar. Vizantiyashunoslik rivojiga salmoqli hissa qo’shganlar. Vizantiyashunoslik bo’yicha 1924 yildan beri xalqaro kongresslar chaqirilib turiladi. Vizantiyashunoslarning xalqaro assotsiatsiyasi mavjud (1955). Hozirda Vizantiyashunoslikning ilmiy markazlari AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, GFR, Belgiya, Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va boshqa mamlakatlardagi universitet va fanlar akademiyalarida bor. Vizantiyashunoslikga oid davriy nashrlar turli mamlakatlarda chop etilmoqda. Bobur G’iyosov.