Xumdon

Xumdon — g’isht, sopol, koshin, chinni va boshqa buyumlar yuqori temperaturada pishiriladigan qurilma yoki inshoot. Pishiriladigan mahsulot turiga qarab har xil katta-kichiklikda yasaladi. Ichi dumaloq yoki to’rtburchak shaklida bo’lib, loy, guvala, pishiq g’ishtdan quriladi. Qadimgi Xumdon 2 qism: pastki qism (o’txona yoki otashxona) va ustki (mahsulotlar joylanadigan) qismdan iborat. Ularning orasini g’isht bilan urib, o’rtasidan kichkina teshik qoldiriladi (urilgan qavat araq, uning teshigi araq og’zi deb yuritiladi). Araqning 4 burchagidan bittadan kichkina mo’ri chiqariladi, 4 yoni va tepasi g’isht yoki guvala bilan urilib, uycha (xumdon) yasaladi. Xumdon tepasida “tana og’iz” deb ataladigan teshik qo’yiladi. Teshik orqali xom mahsulotlar terib bo’lingach, Xumdonning og’zi berkitilib, o’t (o’tin yoki ko’mir, hozirgi paytda gaz) yoqiladi. Bu jarayon mahsulotning ko’pozligiga qarab, 6 soatdan 12 soatgacha davom etishi mumkin. O’tni oldin past yoqib, so’ngra asta-sekin balandlatiladi. Mahsulot pishgach, o’txonaning tepa og’zi berkitilib, havo kirib turishi uchun kichkina tuynuk qoldiriladi. Mahsulot Xumdon ichida 1-2 kun saqlab sovitiladi, so’ngra olinadi. G’isht Xumdonlari boshqa Xumdonlarga nisbatan kattaroq bo’ladi. Hozir yangi texnika uskunalari bilan jihozlangan (gazlashtirilgan, elektrlashtirilgan) Xumdonlardan foydalaniladi. Qishloq joylarda (qisman shaharlarda ham) o’tin yoqib ishlatiladigan Xumdonlar hozir ham bor.