Sharik qo’zg’oloni
Sharik qo’zg’oloni – Buxoroda Abbosiylar xalifaligiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon (751). Unga Sharik ibn Shayx almahriy boshchilik qilgan. Qo’zg’olonga umaviylar o’rniga 750 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Abbosiylarning xalifalik hududidagi Arab bo’lmagan xalqlarga nisbatan siyosatida o’zgarishlar qilmaganligi; qonuniy hokimiyat Ali avlodlari qo’liga topshirilishi lozim, degan shialarning fikrlari sabab bo’lgan. Unda Buxorodagi sug’diylar va Arab aholisi qatnashgan. Biroq qo’zg’olonda mahalliy zodagonlar, savdogarlar, kashovarzlar deyarli ishtirok etmagan. Narshaxiynmng yozishicha, qo’zg’olon rahbari Sharik Arab harbiylaridan bo’lib, u Buxoroda yashagan. Uning atrofida juda ko’p kishi yig’ilgan. Buxoro amiri Abduljabbor ibn Shuayb, Xorazm amiri Abdulmalik ibn Xarsama, Barzam (hozirgi Karki) amiri Muhammad ibn Husayn va boshqalar Sharikka bay’at qilib, uni qo’llab-quvvatlashgan. Tabariynnng fikricha, Sharik tarafdorlari 30 ming kishidan ortiq bo’lgan. Xuroson voliysi Abu Muslim ziyod ibn Solih boshchiligidagi 10 ming kishilik lashkarni qo’zg’olonni bostirish uchun Buxoroga jo’natgan. Buxoro shahri darvozalari oldida 37 kun uzluksiz jang bo’lib, unda buxoroliklar doim g’alaba qozonib turgan. Buxorxudot Qutayba ibn Tag’shoda 10 ming odam bilan kelib, Ziyod ibn Solih bilan ittifoqlikda Sharik qo’shiniga qarshi urushga kirishi qo’zg’olon mag’lubiyatga uchrashiga sabab bo’lgan. Sharik lashkari katta qiyinchilikda qolgan. Qo’shin o’rtasida ochlik boshlangan. Shunday bo’lishiga qaramasdan, qo’zg’olonchilar Ziyod va Tag’shodaning Birlashgan qo’shinini Buxoro sh.dan bir farsang uzoqlikda bo’lgan jangda mag’lubiyatga uchratishgan. Navkand (Navkanda) qishlog’ida bo’lgan ikkinchi jang (751 yil yozi)da esa qo’zg’olonchilar mag’lubiyatga uchrashgan. Sharik ibn Shayx ham jang paytida otdan yiqilgan va o’ldirilgan. Buxoro amiri Abduljabbor bu mag’lubiyatga qaramay, shaharni arablarga topshiri shdan bosh tortgan. Arab lashkarboshisi ziyod ibn Solih Buxoroga kelib, uch kecha-kunduz davomida shaharga o’t qo’ydirgan. Shahar ichida ham Arab qo’shini buxoroliklarning qattiq qarshiligiga uchragan. Narshaxiyning yozishicha, Ziyodning buyrug’i bilan shahar aholisidan kimni tutsalar, ularni dorga osganlar va nihoyat shaharni olganlar. Sharikning o’g’li va harbiy ko’mondonlari ham o’ldirilgan. So’ngra ziyod ibn Solih Samarqandga kelib, bu yerdagi qo’zg’olonni ham bostirgach, Xurosonga qaytgan. Sharik qo’zg’oloni keyinchalik Movarounnahr va Xurosonda arablarga qarshi ko’tarilgan Musanna qo’zg’oloni oldidan o’ziga xos tayyorgarlik vazifasini o’tagan. Manbalar: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Istoriya at-Tabari, T., 1987. Qahramon Rajabov.