Shveytsariya
Shveytsariya (nemischa Sehweiz, Fransuzcha Suisse, italyancha Svizzera), Shveytsariya Konfederatsiyasi (nemischa Schweizerische Eidgenossenschaft, Fransuzcha Conferderation Suisse, italyancha Confederazione Svizzera) — Markaziy Yevropadagi davlat. Maydoni 41,3 ming km2. Aholisi 7,3 million kishi (2002). Poytaxti — Bern shahri ma’muriy jihatdan 23 kanton (ulardan 3 tasi yarim kantonlar)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Shveytsariya — federal parlamentli respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1874 yil 29 mayda qabul qilingan (keyinchalik o’zgartishlar kiritilgan). Davlat va hukumat boshlig’i — prezident, u Federal Majlis tomonidan Federal kengash (hukumat) a’zolaridan 1 yil muddatga saylanadi va qayta saylanish huquqiga ega emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali (Milliy kengash va kantonlar kengashi) Federal Majlis, ijrochi hokimiyatni prezident va Federal kengash (hukumat) amalga oshiradi. Har bir kanton o’z Konstitutsiyasi, parlamenti va hukumatiga ega. Tabiati. Hududining katta qismida Alp tog’lari joylashgan (balandligi 4634 metrgacha, Dyufur tog’i). Mamlakat markazida Shveytsariya yassitog’ligi, shimoli g’arbida Yura tog’lari bor. Iqlimi nam, mo’tadil iqlim bo’lib, Jenevada yanvar oyining o’rtacha temperaturasi 0°, iyul oyining o’rtacha temperaturasi 19°. O’rtacha yillik yog’in miqdori 800-2500 mm. Shveytsariyada daryo ko’p. Reyn (Aare irmog’i bilan) daryosi, Rona, Inn, Tichino daryolarining yuqori oqimi Shveytsariyadan oqib o’tadi. Jeneva, Boden va boshqalar ko’llar bor. Tog’qo’ng’ir o’rmon va tog’ o’tloqi tuproqlar tarqalgan. Mamlakat hududining 24% o’rmon. Yassitog’lik va tog’larda kengbargli hamda ignabargli daraxtlar o’sadi, baland tog’lar subalp va Alp o’tloqlari bilan qoplangan. Alp tog’larida muzliklar bor (2 ming km2 ga yaqin). Hayvonot dunyosi boy. Tog’larda sut emizuvchilardan yovvoyi echki, suvsar, quyon, sug’ur, ayiq, tulki va boshqalar, parrandalardan burgut, karqur, tog’chumchuq, Daryo va ko’l qirg’oqlarida Baliqchi qush uchraydi, suvlarda turli xil baliqlar bor. Tog’larda turizm, alpinizm, sportning qishki turlari bilan shug’ullanish uchun sharoitlar yaratilgan. Shveytsariya milliy bog’i, ko’plab rezervat va buyurtma qo’riqxonalar bor. Aholisi german-shveytsariyaliklar, frantsuz-shveytsariyaliklar, italyan-shveytsariyaliklar va reto-romanlardan iborat. Italyan, nemis, ispan, frantsuz, portugal va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy tillar — nemis, frantsuz, italyan va reto-roman tillari. Aholining 67,7% shaharlarda istiqomat qiladi. Dindorlarning aksariyati katolik va Protestantlar. Yirik shaharlari: Syurix, Bazel, Jeneva, Bern, Lozanna. Tarixi. Shveytsariyada yashagan odamlarning qadimiy qarorgohlari paleolit davriga mansub. Shveytsariya haqidagi birinchi yozma manbalar miloddan avvalgi 2-asrga oid. O’sha davrda Shveytsariyaning katta qismiga gelvetlarning kelt qabilalari kelib o’rnashgan (Shveytsariyaning qadimiy nomi — Gelvetsiya shundan kelib chiqqan). 496-536 yillarda Shveytsariya hududi Franklar davlati tarkibiga kirdi. 7-asrda aholini xristian diniga kiritish nihoyasiga etdi. 10-asrda Shveytsariyaning Sharqiy, 1032-34 yillarda g’arbiy qismi “Muqaddas Rim imperiyasi” tarkibiga kirdi. 13-asr o’rtalarida Gabsburglarga qarshi boshlangan kurash natijasida Shvis, Uri, Untervalden kantonlari 1291 yil 1 avgustda o’zaro “abadiy ittifoq” tuzib, “Muqaddas Rim imperiyasi” doirasida Shveytsariya konfederatsiyasiga asos soldi, 1499 yilda esa amalda mustaqil davlatga aylandi. 1513 yil 13 kantondan iborat federatsiya sifatida to’liq shakllandi (1798 yilgacha mavjud bo’lgan). 1648 yilgi Vestfaliya sulhiga binoan Shveytsariya suveren davlat deb tan olindi. 16-asrda Shveytsariyada reformatsiya harakati tarqaldi. 18-asr oxirida Shveytsariyada sanoat va savdo birmuncha rivojlandi. 1798-1803 yillar Shveytsariya hududida Gelvetsiya Respublikasi mavjud bo’ldi. 1814— 15 yilgi Vena Kongressi Shveytsariyaning hozirgi davrdagi chegarasiga yaqin bo’lgan chegarani belgilab berdi va uni abadiy betaraf davlat deb e’lon qildi. 19-asrning 30-40-yillari siyosiy tuzumni demokratlashtirish va mamlakatni markazlashtirish harakati avj oldi. 1848 yilgi Konstitutsiya bo’yicha Shveytsariya kantonlarning uncha mustahkam bo’lmagan Ittifoqidan yagona Federativ davlatga aylandi. 1-va 2-jahon urushi yillari Shveytsariya o’z betarafligini tasdiqladi. Shveytsariya hududida turli xalqaro tashkilotlar joylashgan. Shveytsariya 2002 yildan BMT a’zosi. 1991 yil 23 dekabrda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va 1992 yil 7 mayda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 1 avgust — Konfederatsiya tashkil etilgan kun (1291); 1899 yildan beri nishonlanadi. Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Shveytsariya demokratik-xristian partiyasi, 1935 yil tashkil etilgan; Shveytsariya demokratlari partiyasi; Shveytsariya “ko’katparvarlar” partiyasi, 1983 yil asos solingan; Shveytsariya radikaldemokratik partiyasi, 1848 yil tuzilgan; Shveytsariya sotsial-demokratik partiyasi, 1888 yil tashkil etilgan; Shveytsariya Liberal partiyasi, 1913 yil asos solingan; Shveytsariya xalq partiyasi, 1971 yil sentyabrda Shveytsariya dehqon, hunarmand va byurgerlar Birlashgan partiyasi (1919) hamda Shveytsariya demokratik partiyasi (1944) negizida tuzilgan; Shveytsariya ozodlik partiyasi, 1985 yil tashkil etilgan; Shveytsariya mehnat partiyasi, 1944 yil Shveytsariya KP (1921) va so’l sotsialistlar guruhi birlashishi natijasida tuzilgan. Shveytsariya kasaba uyushmalari birlashmasi, 1880 yil tashkil etilgan. Xo’jaligi. Shveytsariya — intensiv qishloq xo’jaligiga ega bo’lgan yuksak rivojlangan industrial mamlakat; jahondagi yirik moliya markazlaridan va kapital eksport qiluvchilardan biri. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 25%, qishloq xo’jaliginiki 2,9%, moliya va sug’urtaniki 25,4 % ni tashkil etadi. Sanoatida mashinasozlik va metallsozlik yetakchi tarmoq hisoblanadi. Mashinasozlik sanoati metall ishlovchi aniq stanoklar, temirpress asbob-uskunalari, elektrotexnika buyumlari ishlab chiqaradi. Jahonda ishlab chiqariladigan soatning U2 qismi Shveytsariyaga to’g’ri keladi. Kimyo, farmatsevtika, to’qimachilik, tikuvchilik, trikotaj, poyabzal, qog’oz, poligrafiya, oziq-ovqat (pishloq, shokolad va kontsentratlar) sanoati rivojlangan. Toshtuz va qurilish materiallari qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 60,4 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (‘/2 qismi GESlarda, 2/5 qismi AES larda). Qishloq xo’jaligining asosi chorvachilik (asosan, sut chorvachiligi) hisoblanadi. Qishloq xo’jalik mahsulotining 3/4 qismi chorvachilikka to’g’ri keladi, qoramol, cho’chqa, qo’y boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Dehqonchilikda bug’doy, arpa, qand lavlagi, kartoshka, emxashak ekinlari ekiladi. Tokchilik rivojlangan. Tog’larda yog’och tayyorlanadi. Transportning turli xillari mavjud. Temir yo’llar hammasi elektrlashtirilgan bo’lib, ularning uzunligi 5 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 71,1 ming kilometr. Kanat va osma yo’llar ham bor. Reyn daryosi va ko’llarda kemalar qatnaydi. Eng yirik porti — Bazel shahri Syurix va jenevada xalqaro aeroportlar bor. Xorijiy sayyoxlik rivojlangan (yiliga o’rtacha 7 million kishi kelib ketadi). Shveytsariya chetga mashinasozlik va metallsozlik mahsulotlari, jumladan, soat, aniq priborlar, ximikat, to’qimachilik mollari, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqalar chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, xom ashyo, jihozlar oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Frantsiya, Italiya, AQSh va boshqalar davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Shveytsariya franki. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Shveytsariyada vrachlar universitetlarning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Lezen, Lugano, Davos, Montryo va boshqalar shaharlarda mashhur kurortlar bor. Shveytsariyada ta’limning yagona tizimi yo’q. Har bir kanton o’zining maktab qonuni va boshqaruviga ega. Lekin barcha kantonlar uchun 6-7 yoshdan 15-16 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy qilingan. Asosiy (boshlang’ich) maktablar har bir Kantonda qabul qilingan sistemaga qarab 7, 8 yoki 9 yillik bo’lib, ular 2 bosqichdan iborat (4+3, 4+4 yoki 4+5). O’rta maktablar 2 kategoriyali bo’lib umumta’lim va ixtisoslashgan maktablarga bo’linadi. Hunartexnika o’quv yurtlari, tijorat, ma’muriy, texnika, qishloq xo’jalik va badiiy maktablar, o’qituvchilar gimnaziyalari mavjud. Oliy ta’lim tizimiga universitet va institutlar kiradi. Yirik oliy o’quv yurtlari: Syurix universiteti, Jeneva, Bazel, Bern universitetlari, Syurix va Lozannadagi federal texnologiya institutlari, Sankt Gallendagi iqtisodiyot va ijtimoiy fanlar maktabi. Shveytsariyada ilmiy tadqiqotlarga Ilmiy tadqiqot milliy fondi (1952) rahbarlik qiladi. Yirik kutubxonalari: Bazel universiteti kutubxonasi (2 milliondan ortiq asar), Shveytsariya milliy kutubxonasi (Bern shahrida, 1,5 milliondan ortiq asar). Shveytsariyada 600 muzey bor. Yiriklari: Syurixdagi tarix muzeyi, Bazel, Bern, Jeneva va Syurixdagi san’at muzeylari, Lozannadagi nafis san’at muzeyi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Shveytsariyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: “Bazler tsaytung” (“Bazel gazetasi”, nemis tilidagi kundalik gazeta, 1977 yildan), “Berner tsaytung” (“Bern gazetasi”, nemis tilidagi kundalik gazeta, 1979 yildan), “blik” (“nigoh”, nemis tilidagi kundalik gazeta, 1959 yildan), “Veltvoxe” (“Jahon hafta ichida”, nemis tilidagi haftanoma, 1933 yildan), “Tages antsayer Syurix” (“Syurix kundalik sharhi”, nemis tilidagi kundalik gazeta, 1893 yildan), “Tribyun de Lozann — Maten” (“Lozanna minbari — tong”, frantsuz tilidagi kundalik gazeta, 1862 yildan). Shveytsariya telegraf agentligi (ATS) 1894 yilda tashkil etilgan; yirik gazeta nashriyotlarining aktsiyadorlik jamiyati. Shveytsariya radioeshittirish va televideniye jamiyati, yarim tijorat tashkiloti. Shveytsariyada radioeshittirishlar 1923 yildan, muntazam teleko’rsatuvlar 1958 yildan boshlangan. Adabiyoti nemis, frantsuz, italyan, retoroman tillarida rivoj topmoqda; tiliga ko’ra qardosh bo’lgan qo’shni mamlakatlardagi adabiyot bilan bog’langan. Nemis tilidagi adabiyot qadimiy xalq qo’shiqlari, afsonalarga boy (vilgelm Tell haqidagi afsonalar, tarixiy xronikalar). Ma’rifatchilik oqimi davrida A. Geller va buyuk pedagog I.G.Pestalossi ijodida milliy xususiyatlar o’z aksini topdi. Frantsuz yozuvchisi J.J. Russo hayoti va ijodi ham Shveytsariya bilan bog’langan. 1848 yilgi inqilobdan so’ng nemis tilida ijod qiluvchi I.Gotxelf, G. Keller, K.F.Meyer kabi yozuvchilar ijodida realizmni ravnaq topishiga imkon yaratildi; 19-asr frantsuz tilidagi adabiyotning mashhur vakili R. Tepferdir. Shu yozuvchilarning ijodi tufayli Shveytsariya adabiyoti birinchi marta chet elga tanildi. 20-asrning 1-yarmida nemis tilida yozuvchi R. Valzer, Ya.Byurer, Fransuz tilida yozuvchi Sh.F.Ramyu kabi adiblar o’z asarlarida dolzarb ijtimoiy muammolarga murojaat qildilar. Ular urushdan keyingi davrdagi realistic adabiyotni yanada yuksaltirish uchun zamin yaratdilar. Nemis tilida ijod qiluvchi M. Frish va F.Dyurrenmatt asarlari milliy adabiyotni Yevropa madaniyatining boyligi darajasiga olib chiqdi. 1960-70 yillarda nemis tilida yozuvchi V.M.Diggelman, A. Mushg, O.F.Valter kabi adiblar roman va hikoyalarida, A.Martining she’riy to’plamlarida nemis tilidagi shveytsar adabiyotining realistik an’analari zamonaviy tasviriy vositalar bilan uyg’unlashib ketgan. Frantsuz tilida yozuvchi J. Alda, F. Jakotte, J. Shesseke, italyan tilida yozuvchi F.Keza, retoroman tilida yozuvchi K. Birt, A. Peer, S. Kents kabi adiblar mashhur. Me’morligi. Shveytsariyaning qadimiy me’moriy yodgorliklari Merovinglar san’ati (Rivasanvitaldagi baptisteriy, 5— 6-asrlar), keyinchalik “Karolinglar uyg’onish davri” san’ati (Sanktgallendagi monastir, 7-asr) bilan bog’langan. Romangotika uslubidagi binolar (Syurixdagi Grosmyunster, 12-15-asrlar; Bazeldagi soborlar, 1185-1200) Frantsiya va Germaniya me’morligiga yaqin. Uyg’onish davri me’morligi an’analari 17-asr inshootlarida saqlanib qolgan (Syurixdagi ratusha, 1694-98, me’mor I.Ya.Keller). 17-18-asrlar me’morligida barokko uslubi qaror topdi (SanktGallendagi cherkov, 1755— 70; Lozannadagi ratusha, 17-asrda qayta qurilgan). 18-asr oxirida klassisizm keng tarqaldi (Nevshateldagi ratusha, 1782-90, me’mor P.A. Pari). 19-asr o’rtalarida eklektizm, 19-asr oxirida modern uslubi ko’rinishlari paydo bo’la boshladi. 20-asrning 20-yillari me’morlar xalq me’morligi an’analaridan va funktsionalizm usul va metodlaridan foydalandilar. 30-yillardagi buyuk inshootlar: Lyuserndagi Lyusern kantoni san’at va majlislar uyi (1930-33, me’mor A.Meyli), Jenevadagi Millatlar saroyi (1927-37, me’mor Giyol). 50— 70-yillarda yo’ldoshshaharlar (Lelinon, Jeneva yaqinida, 1962— 70, me’morlar G. va P. Amman va boshqalar), ijtimoiy va ma’muriy binolar [Lozanna shahridagi “Kodak” firmasi ma’muriy binosi va omborxonasi, 1961-63, me’mor F. Blugger; Syurixdagi “bashariyat uyi” (Le Korbyuze markazi), 1967, me’mor Le Korbyuze; sug shahridagi turar joy binolari, 1958-68, me’mor F. Shtukki va boshqalar; Jenevadagi “Le Pari” kinoteatri, 1971, me’mor M.J.Soje]. Tasviriy san’ati. Shveytsariya hududidan topilgan ilk tasviriy san’at yodgorliklari miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmiga mansub. Myunster (hozirgi Myustair)dagi Sanktiogann cherkovidagi devoriy rasmlar 9-asrga oid bo’lib, monumental rangtasvirning qadimiy yodgorligi hisoblanadi. 13-15-asrlarda gotika haykaltaroshligi va rassomligi, kitob miniatyurasi, vitraj hamda dastgoh san’ati rivojlandi. 16-asrda rassomlar N. ManuelDeych, U. Graf va kichik X. Ley ijodi diqqatga sazovor. G.Asper, yil Amman va T. Shtimmer 16-asr kitob miniatyurasi ustalaridir. Bazelda kichik X. Xolbeyn uzoq vaqt faoliyat yuritdi. 17-asr Shveytsariya san’atida barokko uslubi yaqqol ko’zga tashlanadi. 18-asrda ko’p shveytsariyalik san’at ustalari Frantsiyada ta’lim olganligi va ishlaganligi sababli, o’sha davr Shveytsariya tasviriy san’ati Frantsiya ta’siri ostida bo’ldi. Shu davr rangtasvirida pastel va miniatyura portreti (J.E. Liotar), manzara (S. Gesner), tarixiy va maishiy (I.L.Aberli, Z. Freydenberger) janrlarda ko’plab asarlar yaratiddi; ayniqsa, A. Graf va I.G.Fyusli (asosan, Angliyada ishlagan) ijodi diqqatga sazovor. 19-asr boshida tasviriy san’atda klassisizm va roman- tizm deyarli rivojlanmadi (rassomlar X.L.Fogel, X. Xeys, grafikachi R.Tepfer ijodi). 19-asr o’rtalarida realistic manzaralar (A. Kalam), mehnatkash xalq hayoti ifodalangan maishiy kartinalar (F. Buxser, A. Anker) yaratildi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida simvolizm va “modern” uslubida ijod qilgan A. Beklin shuhrat qozondi; F. Xodler ijodi milliy tarix mavzusiga bag’ishlandi. Bu davrda Shveytsariya san’atida impressionizm, postimpressionizm, simvolizm oqimlari avj oldi (shveytsariyalik rassomlardan F. Vallotton, T. Steynlen Frantsiyada ishladilar, A. Jakometti ijodi ham frantsuz maktabi bilan bog’liq). 1-jahon urushi yillari Shveytsariya san’atida ekspressionizm yo’nalishi rivojlandi. 60-70-yillar Shveytsariya san’atida Yevropa san’ati oqim va yo’nalishlari ko’zga tashlandi. Xalq san’atida yog’och o’ymakorligi, kulollik, to’qimachilik, charm va metal buyumlar tayyorlash rivojlangan. Musiqasi. Shveytsariya xalq musiqa san’atida Alp tog’larida yashovchi tog’lilarning o’ziga xos janri — yodl va cho’pon kuylari ajralib turadi. Musiqa asboblari — Alp burg’usi va shveytsar hushtagi. Professional diniy musiqa taxminan 10-asrda vujudga kelgan. Sanktgallen monastiri Yevropa musiqa markazi bo’lgan. 13-asrdan dunyoviy musiqa san’atini tarqatuvchi minnezingerlar faoliyat ko’rsatgan. 16-asrda polifoniya musiqasi ustalari X. Kotter, L. Zenfl, L. Burjua ijod qildilar. 17-asrda shahar musiqa birlashmalari tuzila boshladi. 18-asr oxiri — 20-asrda xor va musiqa jamiyatlari tuzildi, musiqa ta’limi rivojlandi (kompozitor va pedagoglar X.G.Negeli, I.F. Xegar, X. Xuber, ritmik tarbiya tizimi asoschisi E. Jakdalkroz). 20-asrda F. Andre, V. Burkxard, G. Dore, F. Marten, K.F. Seminn, 20-asr 2-yarmida G. Xolliger, V. Fogel, Yu. Vittenbax, R. Mozer kabi kompozitorlar mashhur bo’lgan. Shveytsariyada 10 dan ortiq simfonik orkestr, bir qancha opera truppalari, xor jamoalari va kamercholg’u ansambllari, Bazel musiqa akademiyasi, Jeneva, Syurix, Bern, Lozannada konservatoriyalar bor. Teatri. Shveytsariya teatr san’ati xalq rasm-rusumlari asosida vujudga kelgan va frantsuz, nemis, italyan tillarida rivojlanmoqda. 16-asrda reformasiyaning katolisizmga qarshi kurashini aks ettiruvchi pyesalar yaratilgan. 1512 yil birinchi dunyoviy pyesa — “Tell to’g’risida o’yin”qo’yilgan. Fastnaxtshpil janri keng tarqalgan; bunda voqelikni haqqoniy aks ettirish siyosiy satira bilan uyg’unlashib ketgan. 1738 yil Jenevada birinchi professional truppa tashkil bo’ldi va u Fransuz dramaturglarining pyesalarini sahnalashtirdi. Lozanna (1781), Jeneva (1782 va 1789), Shatlen (1786) va boshqalar shaharlarda teatr binolari qurildi. 1801 yil Sankt-Gallenda professional teatrga asos solindi. 1879-1951 yillar Jenevada “Granteatr” faoliyat ko’rsatdi. 1908 yil Syurixda “Pfauenteatr” drama teatri (keyinchalik “Shaushpilxauz”) ochildi va Shveytsariyaning yetakchi milliy teatriga aylandi. 1938-61 yillarda bu teatrga taniqli rejissyor Oskar Velterlin rahbarlik qildi va teatrlarda B. Brext, F. Dyurrenmatt, A. Chexov va boshqalarning pyesalari qo’yildi. Shveytsariyadagi boshqa mashhur teatrlar: Lozannadagi “pti Shen” va “bole”, Jenevadagi komediya, “Nuvo teatr de posh” va “De Rosh” teatrlari, Syurixdagi Noymarkt teatri, Bazeldagi teatr, Bern, Lyuserndagi teatrlar. Shveytsariya teatrining etakchi arboblari: O. Eberle, X. Gnekov, L. Lindtberg, teatr rassomi G.Otto. Kinosi. Birinchi to’la metrajli badiiy film (“konfederatsiyaning vujudga kelishi”, rejissyor E. Xarder) 1924 yilda yaratilgan. Shu yili Syurixda “Prazens” kinofirmasi tashkil etildi. 1930-40 yillarda hujjatli filmlar rejissyorlari A. Veksler, E. Layzer ishlari, rejissyor L. Lindtbergning vatanparvarlik ruhidagi badiiy filmlari (“O’qchi Vipf”, 1938; “So’nggi imkoniyat”, 1945) ajralib turadi. 1950-yillarda “batrak Uli” (1954), “Pishloq pishiruvchilar” (1958; ikkalasining rejissyor F. Shneyder), “Odeon kafesi” (1958, rejissyor K. Fryu) filmlari ekranga chiqdi. 60-yillargacha Shveytsariyada kino, asosan, nemis tilida bo’lgan. Fransuz tilida ijod qiluvchilar orasida hujjatli filmlar rejissyor Shveytsariya Dyuvanel va hujjatli filmpamfletlar muallifi A. Brandt mashhur. 1968 yil rejissyorlar A. Tanner, K.Goretta, J.L.Rua, M. Sutter va J.J.Lagranj (keyinchalik o’rniga N. Ersen bo’ldi). “Beshlar guruhi”ga birlashdilar va voqelikni bo’yab berishga qarshi chiqdilar. Ular o’z filmlari (“Salamandra”: 1971; “Afrikadan qaytish”, 1975; “dunyo oralig’i”, 1975, barchasining rejissyor A. Tanner; “taklif”, 1972, rejissyor K. Goretta)da oddiy kishilar turmushini, hayot qiyinchiliklarini ko’rsatdilar. 1970-80 yillarda rejissyorlar R. Lissi, T. Kyorfer, D. Shmid mashhur bo’lgan. Syurixda Shveytsariya kinomarkazi faoliyat yuritadi. 1946 yildan Lokarnoda xalqaro kinofestivallar o’tkaziladi. O’zbekiston — Shveytsariya munosabatlari. O’zbekiston bilan Shveytsariya o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatilgach (1992), 1993 yil maydan Toshkentda Shveytsariya elchixonasi faoliyat yurita boshladi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik to’g’risida tuzilgan hukumatlararo bitimga muvofiq, ikki mamlakat o’rtasidagi savdoda qulay shartsharoitlarni vujudga keltirish tartibi belgilandi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo’yicha O’zbekiston — Shveytsariya hukumatlararo komissiyasi ishlamoqda. 2003 yil ikki tomonlama tovar aylanmasi 217,7 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Respublikasidan Shveytsariyaga paxta tolasi, ip gazlama, kalava ip, xizmat va boshqalar eksport qilinadi. Shveytsariyadan elektr va mexanik jihozlar, farmasevtika mahsulotlari va boshqalar keltiriladi. Ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlik tufayli O’zbekiston Respublikasida Shveytsariya sarmoyasi ishtirokida 77 korxona barpo etilgan. Ular orasida 57 qo’shma korxona, Shveytsariya sarmoyasi 100% bo’lgan 20 korxona bor. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligida Shveytsariyaning 33 firma va kompaniyasi vakolatxonalari ro’yxatga olingan. 1995 yildan Toshkentda “Kredi Sviss” banki vakolatxonasi ishlamoqda. 1995 yil yanvardan Shveytsariyaning Altendorf shahrida O’zbekiston Respublikasining savdo ko’rgazma markazi faoliyat ko’rsatmoqda. 2002 yildan Shveytsariya elchixonasi huzurida hamkorlik bo’yicha Shveytsariya byurosi ishlamoqda. U ijtimoiy-iqtisodiy yo’nalish bo’yicha birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish bilan shug’ullanadi. Ikki mamlakat o’rtasida astronomiya, fizika, biofizika, genetika, biokimyo, tarix, tibbiyot, ekologiya bo’yicha ilmiy loyihalar hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uni amalga oshirishda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, O’zbekiston milliy universiteti, Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Ilmiy ishlab chiqarish markazi, shuningdek, Bern, Jeneva, Syurix, Davos, Lozanna untlari ishtirok etmoqda. Samarqand universiteti bilan Syurix, Bazeldagi untlar o’rtasida gumanitar va tabiiy fanlar masalalari bo’yicha aloqalar yo’lga qo’yilgan. 1999 yildan O’zbekistonda “O’zbekiston—Shveytsariya” do’stlik jamiyati ishlamoqda.