Shumtol

Shumtol — zaytundoshlarga mansub daraxtlar turkumi. Tabiiy hodda uchraydigan 65 turi ma’lum. O’rta Osiyo tog’lari yon bag’irlarida va tog’daryolari vodiylarida Suriya Shumtoli, Daryo bo’yi Shumtoli va Sug’d Shumtoli o’sadi. O’rta Osiyoning shahar va qishloqlarida Pensilvaniya Shumtoli (qora shumtol), oddiy Shumtol, Amerika Shumtoli (oq shumtol), bezakli Shumtol va nashtarbarg Shumtol turlari manzarali daraxt sifatida ekiladi. Shumtol yorug’sevar, qurg’oqchilikka chidamli o’simlik. Ko’klamgi qorasovuqlardan ko’proq zararlanadi. Daraxtlari 150— 350 yil yashaydi, 15— 20 yoshida gullaydi. Ildizi baquvvat, yon tomonga keng tarqalgan. Daraxtining balandligi 30-50 metr, tana aylanasi 1,5 metr, shox- shabbalari uzuntuxumsimon. Bargi patsimon murakkab, kuzda to’kiladi. Gullari chetdan changlanadi. Mevasi uzun, qanotli pista yoki yong’oqcha, qish davomida daraxtda saqlanadi. Shumtol urug’idan va to’nka bachkisidan ko’payadi. Urug’lari kuz-qishda teriladi, bahorda sepiladi. Ko’chatlarini bir yoshda ko’chirib ekish mumkin. Himoya o’rmonlari barpo etishda, Park va xiyobonlarni ko’kalamzorlashtirishda foydalaniladi. Yogochi yog’ochni qayta ishlash sanoatida ishlatiladi.