Xolbeyn, Golbeyn (Holbein) Xans kichkina
Xolbeyn, Golbeyn (Holbein) Xans kichkina (taxm. 1497/98, Augsburg — 1543 yilning 7.10 yoki 29.11, London) — nemis rassomi va grafigi; Uyg’onish davrining yirik vakili. Otasi rassom Xans Xolbeyn Kattadan ta’lim olgan. 1515— 26 yillar Bazelda, 1526-32 yillar Angliyada ishlagan, 1536 yildan qirol Genrix VIII saroyida rassom. Xolbeyn san’ati ingliz va G’arb. Yevropa portreti rivojiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Bazelda diniy mavzularda asarlar yaratgan (“jonsiz Iso”, 1521 va boshqalar), insonparvarlarning ichki qadriyati va ma’naviy qudratini ifodalovchi portretlar (“Erazm Rotterdamskiy”, 1523, Luvr va boshqalar), portret rasmlar, illyustrasiyalar (Erazm Rotterdamskiyning “tentaklik maktovi” asariga, 1515 va boshqalar) ishlagan, jamoat binolarini bezagan. “O’lim qiyofalari” (1524-26, “o’lim raqslari” nomi bilan mashhur) turkum rasmlarida Buyuk xoch urushi voqealarini majoziy shaklda aks ettirgan. Ingliz insonparvarlari bilan ishlagan davrda psixologik o’tkir va anik, rangtasvir (“astronom Nikolos Kratser”, 1528, Luvr va boshqalar) va grafika (“Tomas mor”, qalam, kumir, sangina, 1527, Vindzor qasrida va boshqalar) portretlari yuzaga keldi. Xolbeyn zamondoshlarining o’ziga xos xususiyatlarini sinchiklab kuzatadi hamda ularning kiyofalarini aniq tasvirlaydi: savdogar G. Gisse (1532, Berlindalem kartinalar galereyasida), frantsuz elchisi Sh. Morstt (taxminan 1534-35, Drezden kartinalar galereyasida), ingliz qirolichasi Jeyn Seymur (1536— 37, Vena san’at tarixi muzeyida) kabilarning mashhur portretlari shular jumlasidan; “Temirsaroy” (1541-43, London) va boshqa devoriy rasmlarni ishladi. Xolbeyn ijodi jahon portret va Uyg’onish davri badiiy madaniyatining cho’qqisidir.