Xonqizi qo’ng’izlari
Xonqizi qo’ng’izlari, koktsinellidlar (Coccinellidae) — asosan, yirtqich qo’ng’izlar oilasi. Xonqizi qo’ng’izlarining tana uzunligi 3-7 millimetr, usti do’mboq. Ko’pchilik turlari yorqin tusda bo’lib, odatda, ustqanotlarida chiziq va dog’lar bor. Tuxumi ko’pincha to’q sariq, 20-25 tasini to’p-to’p qilib qo’yadi. Qurtlari serharakat, o’simliklarda ochiq hayot kechiradi. Ko’pgina Xonqizi qo’ng’izlari — yirtqich entomofag. Qo’ng’iz va lichinkalari o’simlik bitlari, o’rgimchakkanalar, koktsidlar, barg burgalari, kanalar va boshqalar bilan oziqlanadi. Faqatgina Epilachninae kenja oilasi va Bulae Muls. urug’iga mansub ba’zi turlari o’simlikxo’r bo’lib, zarar keltiradi. Xonqizi qo’ng’izlarining 2 mingga yaqin turi ma’lum; jumladan, O’zbekistonning sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida 40 ga yaqin turi tarqalgan. Ekinlar biosenozida yetti nuqtali Xonqizi qo’ng’izlari (C.septempunctata L.); ikki nuqtali Xonqizi qo’ng’izlari (Adaliabipunctata L.) va boshqalar, shuningdek, keng tarqalgan akarifag — o’rgimchakkana kushandasi — nuktali stetorus (Stethorus punctillum Ws.) katta ahamiyatga ega. Bitta qo’ng’izi bir kunda 50-100, lichinkasi esa 85 tacha o’simlik bitini yeydi. Xonqizi qo’ng’izlaridan o’simliklarni zararkunandalardan biologik himoya usulida foydalaniladi. Buning uchun qo’ng’izlarni yig’ib, o’simlik bitlari koloniyasiga qo’yib yuboriladi. Xonqizi qo’ng’izlarini so’ruvchi zararkunandalarga qarshi 1:20 nisbatda tarqatilsa, kimyoviy vositalardan foydalanmaslik ham mumkin. O’zbekistonda poliz Xonqizi qo’ng’izlari (Epilachna chrysomelina F.) va 19 nuqtali lavlagi Xonqizi qo’ng’izlari (Bulae lichatchovi) ekinlarga zarar keltiradi. Ularga qarshi xlorofos (1,5 kg/ga), karbofos (1-1,5 kg/ga) va boshqa insektisidlarning suvli emulsiyasi sepiladi. Shomil Xo’jayev.