Xolangit

Xolangit (Yunoncha chole — o’t va anderon — tomir), angioxolit — o’t yo’llarining yallig’lanishi. Xolangitni, odatda, ichak tayoqchasi va boshqa mikroblar qo’zg’atadi. Ko’pincha xolesistit, o’ttosh kasalligi bilan birga kechadi. Infektsiya o’t yo’llariga o’t pufagi, me’da-ichak yo’li, me’da osti bezidan va limfa, qon orqali tushishi mumkin. Shuningdek, o’t yo’li motor funktsiyasining buzilishi yoki tosh paydo bo’lib, o’t to’xtab qolishi ham Xolangitga sabab bo’ladi. Xolangit kataral, yiringli va nekrotik bo’lishi mumkin. Kechishiga ko’ra, o’tkir va surunkali Xolangit farqlanadi. O’tkir Xolangitda bemorning eti uvishib, vaqtvaqti bilan isitmalaydi, ko’p terlaydi, og’zi taxirlashib, qusadi, o’ng qovurg’a osti og’riydi. Jigari shishib, terisi sarg’ayadi, kichishadi. Surunkali Xolangit ko’pincha o’tkir Xolangitdan so’ng vujudga kelib, belgilari xolesistitga o’xshaydi. Bunda ko’z oqlari sarg’ayib, o’ng qovurg’a osti doim og’rib turadi, bemorni darmoni qurib, vaqtvakti bilan eti uvishadi, tez charchaydi. Ko’pincha jigar va taloq shishadi. Ba’zan Xolangit oqibatida peritonit, jigar tsirrozi, pankreatit va boshqalar kelib chiqishi mumkin. Davo bemorning umumiy ahvoli va kasallik belgilariga qarab olib boriladi, parhez buyuriladi.