Xoja Fazlulloh
Xoja Fazlulloh, Xoja Jamoluddin Fazlulloh Abullaysiy (15-asr) — samarqandlik shoir, mudarris. Alisher Navoiyning ustozi. Falsafa, fiqh fanlarini, fors va Arab tillarini yaxshi bilgan. Fiqh ilmi borasida “ikkinchi Abu Hanifa” laqabini olgan. Alisher Navoiy Samarqandda o’qib yurgan chog’larida (1465-69), Xoja Fazlulloh xonadonida yashagan, ta’lim olgan. Navoiy keyinchalik “Majolis unnafois” tazkirasining 2-majlisida u haqda: “Faqih Abdullays avlodidandir. Fiqhda ani Abu Hanifai Soniy derlar edi va arabiyat (Arab filologiyasi)da Ibn Hojib (Arab tili grammatikasi bo’yicha “alkofiya” nomli mukammal darslik muallifi) kaffasida tutarlar erdi”, deb yozadi. Xoja Fazlulloh madrasada dars berish huquqini ustozi, buyuk tilshunos olim Sayid sharifdan olgan. Xoja Fazlulloh katta tilshunos bo’lish bilan birga ijodiy ishlar bilan ham shug’ullangan. Uning she’rlari, xususan, muammolari o’z davrida mashhur bo’lgan. Xoja Fazlulloh 15-asr ilmiy va adabiy muhitida, ma’naviy hayotida katta o’rin tutgan. Ad..Abdullaev V., Tanlanganasarlar, 1J., T., 2002; Valixo’jaev B., Mumtoz siymolar, 1J., T., 2002.