Xelsinki

Xelsinki, Gelsingfors Finlyandiya poytaxti. Usimalyanining ma’muriy markazi. Aholisi 551,1 ming kishi (1999). Transport yo’llarining muhim chorrahasi. Fin qo’ltig’i sohilidagi port. Malmi aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning muhim iqtisodiy, moliya va madaniyat markazi. Yetakchi sanoat tarmog’i — mashinasozlik (asosan, kemasozlik, elektrotexnika, ko’tarish kranlari va tsellyulozaqog’oz sanoati uchun jihozlar ishlab chiqarish). To’qimachilik, kimyo va keramika, ko’npoyabzal, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Institutlar, musiqa akademiyasi, opera va milliy teatrlar, milliy, shahar, badiiy, tarixetnografiya muzeylari, zoologiya va botanika bog’lari, yirik kontsert zallari bor. Metropoliten qurilgan. Xelsinkiga 1550 yilda VantaYoki daryosining quyilish joyida asos solingan va dastlab Gamelstat deb atalgan. Finlyandiya Rossiyaga qo’shib olinib (1809) Buyuk Finlyandiya knyazligi tuzilgach, 1812 yilda mamlakat poytaxti Turku (Abo) shahridan Xelsinkiga ko’chirildi. 1917 yil dekabrda mamlakat mustaqilligi e’lon qilingach, Xelsinki Finlyandiya Respublikasi poytaxti. Xelsinkida xalqaro uchrashuv, s’yezd, konferentsiya va kengashlar bo’lib o’tadi, Jahon tinchlik kengashi kotibiyati joylashgan. Xelsinki — zamonaviy shahar. Shahar markazida shved teatri binosi, Sokos univermagi, parlament binosi joylashgan. Me’moriy yodgorliklardan sobor, universitet binosi, prezident saroyi, ratusha, shahar dumasi uyi va boshqalar saqlangan. Xelsinki — turizm markazi.