Shovot tumani

Shovot tumani – Xorazm viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Janubiydan Qo’shko’pir, Janubi sharqdan Urganch, Sharqdan Yangibozor, shimoli sharqdan Gurlan tumanlari, shimol, shimoli g’arb va g’arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,46 ming km2. Aholisi 126,2 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Shovot), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Beshmertan, Bo’yrachi, Ijtimoiyat, Katqal’a, Xitoy, Chig’atoyqal’a, Cho’qli, Shovotqal’a, O’zbekiston, Qang’li, Qiyot) bor. Markazi — Shovot shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi viloyatning shimoli g’arbida, Shovot kanalining sohilida joylashgan. Relefi, asosan, tekislikdan iborat, shimolga tomon pasayib boradi. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq, issiq, qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 10°, yanvarning o’rtacha temperaturasi -6°, eng past temperatura -32°, iyulning o’rtacha temperaturasi 27, eng yuqori temperatura 45-46°. Vegetatsiya davri 200-210 kun. Yiliga 87-89 mm yog’in tushadi. Tuman hududidan Shovot kanali oqib o’tadi. Dovdon, Yormish, udachi, Begyop kabi kanallar ham bor. Tuprog’i, asosan, sho’r tuproq. Qum tuproqlar ham uchraydi. Zax suvlar oqiziladigan G’ozovotdovdon kollektori tumanning Janubi g’arbidan, shovot kollektori shimoldan o’tadi. Yovvoyi o’simliklardan yulg’un, turang’il, oqbosh, yantoq, ajriq, yakan, qamish, chechak, sho’ra va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, bo’rsiq, tipratikan, chiyabo’ri, tulki, qobon, ondatra, sudraluvchilar; qushlardan tustovuq, kaptar, bedana, bulbul, o’rdak, chag’alay bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar (98,5%), shuningdek, qozoq, turkman, tatar, rus, koreys, qoraqalpoq va boshqalar millat vakillari ham yashaydi (2004). Aholisi zichligi o’rtacha 1 km2 ga 274 kishi. Shahar aholisi 15,8 ming kishi, qishloq aholisi 110,4 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Shovot tumanida faoliyat ko’rsatayotgan 900 dan ziyod korxonadan 82 tasi yirik, 17 tasi o’rta, 76 tasi kichik korxona, 742 tasi mikrofirmalardir. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash, podshipnik zavodlari, un kombinati ishlab turibdi. Charm mahsulotlari fabrikasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, “Semurg'”, O’zbekiston-Germaniya “Shovotteks” qo’shma korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Tuman qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Shovot tumanidagi 25,7 ming gektar ekin maydonining 11,4 ming gektar yeriga paxta, 9,3 ming gektar yeriga don, 368 gektar yeriga kartoshka, 799 gektar yeriga sabzavot ekiladi, shuningdek, ozuqa, poliz ekinlari ham yetishtiriladi. Tumanda 11 shirkat, 585 fermer xo’jaligi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 49,5 ming qoramol (shu jumladan, 17,6 ming sigir), 18,2 ming qo’y va echki, 137,2 ming parranda boqiladi (2004). 2003/04 o’quv yilida tumandagi 51 umumiy ta’lim maktabi (shu jumladan, 1 lisey)da 31,8 mingga yaqin o’quvchi ta’lim oldi. Bolalar musiqa, sport maktablari, 4 kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. 45 kutubxona (350 ming nusxa asar), 16 madaniyat uyi, Komiljon Otaniyozov nomidagi Markaziy madaniyat va istirohat bog’i, Zarif Ramatov nomidagi muzey, “Motamsaro ona” yodgorligi bor. Shovot tumanida 7 stadion (shu jumladan, Markaziy stadion), 46 sport zali, futbol, voleybol, basketbol maydonlari va boshqalar sport inshootlari mavjud. 3 kasalxona (shu jumladan, bolalar kasalxonasi, Markaziy kasalxona, 534 o’rin), 4 tish davolash punktlari, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 feldsher-akusherlik punkti, 15 qishloq vrachlik punkti, poliklinika, tug’ruqxona, dorixona va boshqalar tibbiy muassasalarda 270 vrach (har 10 ming kishiga 21,6 vrach) ishlab turibdi. “Obi hayot”, “Shovot” sanatoriylari faoliyat ko’rsatadi. Shovot—Toshkent yo’nalishida yo’lovchilar tashuvchi poyezdlar qatnaydi. Tuman avtomobil va temir yo’llar orqali Qoraqalpog’iston, Turkmaniston va Rossiya bilan bog’langan. Shovot—Urganch yo’nalishida avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Shovot tumanida Vayangonbobo (1-4, 9-14-asrlar), Katqal’a (miloddan avvalgi 1-asr), Tuproqqal’a (miloddan avvalgi 1-asr) arxeologiya yodgorliklari; Vayangonbobo maqbarasi (15-asr), Yusuf Hamadoniyning ramziy maqbarasi bor. 1932 yildan “Shovot istiqboli” tuman gazetasi nashr etiladi (adadi 1000). Ro’zmat Yoqubov.