Shimoliy mariana orollari

Shimoliy mariana orollari, Shimoliy Mariana orollari Hamdo’stligi — tinch okeanning g’arbiy qismi, Mikroneziyadagi Mariana orollari guruhida joylashgan davlat. Maydoni 477 km2. Aholisi 77,3 ming kishi (2002). Poytaxti — Susupe shahri (Saypan orolida). Aholisining asosiy qismi — tub joy aholisi bo’lgan chamorrolar. Rasmiy til — ingliz tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Davlat tuzumi. Shimoliy mariana orollari — “AQShga erkin qo’shilgan qudud”. Davlat va ijrochi hokimiyat boshlig’i — gubernator. Qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — 2 palatali parlament (Senat va vakillar palatasi). Tabiati. Mamlakat 14 yirik va bir qancha mayda orol hamda riflarda joylashgan. Orollar shimol va Janub orollar tizimini tashkil etadi. Shimol orollar tizimi vulkan orollar (so’nmagan vulkanlar bor, eng baland joyi 965 metr). Janubiy orollar tizimi marjon va vulkan orollardan iborat. Fosforit, oltingugurt, temir va marganes rudasi konlari bor. Iqlimi tropik, passatli iqlim. Yiliga 1800-2000 mm yog’in yog’adi. O’rtacha oylik temperatura 26-28°. Tayfunlar bo’lib turadi. Tog’yon bag’irlari nam tropik o’rmonlar bilan qoplangan; savanna maydonlari bor. Mayda kemiruvchilar, qush va hasharotlar yashaydi. Tarixi. Shimoliy mariana orollari davlati 1976 yil BMTning tinch okean orollaridagi vasiylik hududlarini bo’lish jarayonida tashkil topgan. 1986 yil 3 noyabrda Shimoliy mariana orollari AQSh bilan erkin uyushishi to’g’risidagi bitim kuchga kirdi. 1993 yilda AQSh vasiyligi bekor qilindi. Xo’jaligi. Iqtisodiyotining asosi — xorijiy sayyohlik (yiliga 200 mingga yaqin sayyoh kelib ketadi; asosan, Yaponiyadan) va qishloq xo’jalik (mamlakat hududining ‘D qismiga yaqini band). Kokos palmasi, banan, tsitrus mevalar, shakarqamish, non daraxti, kofe o’stiriladi, pomidor va qovun ekiladi. Baliq (asosan tunes) ovlanadi va qayta ishlanadi. Qoramol, cho’chqa, echki boqiladi. Sanoati qishloq xo’jaligi xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. To’qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari, ichimliklar ishlab chiqariladi. Avtomobil yo’llari uzunligi 494 kilometr (27% qattiq qoplamali). Chetga qishloq xo’jalik mahsulotlari chiqaradi. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSh bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — AQSh dollari. Shimoliy mariana orollarida ingliz va mahalliy (chamorro) tillarda “Marianas verayeti Nyus end vyus” (“Mariana yangiliklari”, 1972 yildan), “Marianas revyu” (“Mariana sharhi”, 1979 yildan) va ingliz tilida “Marianas Observer” (“Mariana kuzatuvchisi”) haftanomalari, ingliz tilida “Saypan Tribyun” (“Saypan minbari”, haftada 2 marta) gazeta chiqadi. “Inter Aylend komyunikeyshn inkorporeyted” tijorat radioeshittirish xizmati 1984 yil tashkil etilgan. 33 kanalli “tropic aylendz Keybl TV Korporeyshn” tijorat televideniye korporasiyasi 1988 yildan faoliyat ko’rsatadi.